O‘zbekistonlik tennischilar “US Open”ni g‘alaba bilan boshladi
Sport
−
09:27 323 1 daqiqa
Tennis bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “US Open” turnirida o‘zbekistonlik tennischilar o‘z ishtirokini boshladi. Mariya Timofeyeva va Kamilla Raximova musobaqadagi ilk bahslarini g‘alaba bilan yakunlashdi.
Kecha, 31 avgust kuni turnirning birinchi davrasida Mariya Timofeyeva sloveniyalik Tamara Zidanshekka qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvda o‘zbekistonlik tennischi raqibini 6/3, 7/5 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Ayni paytda WTA reytingida 86-o‘rinni egallab turgan Timofeyeva ikkinchi davrada o‘z ishtirokini davom ettiradi.
O‘zbekistonning birinchi raketkasi Kamilla Raximova ham musobaqani muvaffaqiyatli boshladi. U birinchi davrada chexiyalik, dunyoning sobiq ikkinchi raketkasi Barbora Kreychikovani 7/6(4), 6/2 hisobida mag‘lub etdi.
WTA reytingida 28-o‘rinda borayotgan va turnirda 27-raqam ostida saralangan Kreychikova “Katta dubulg‘a” musobaqalarida yakkalik bahslarining ikki karra g‘olibi hisoblanadi.
Shu tariqa, Mariya Timofeyeva va Kamilla Raximova “US Open” turniridagi ishtirokini ishonchli g‘alabalar bilan boshlab, musobaqaning ikkinchi davrasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
Live
Barchasi