Sobolenko “US Open” finalidagi harakati uchun jarimaga tortildi
Sport
−
16:06 641 1 daqiqa
Belaruslik tennischi Arina Sobolenko mavsumning so‘nggi “Katta dubulg‘a” turniri – “US Open” finalidagi xatti-harakatlari uchun 7500 dollar jarimaga tortildi. Bu haqda sport jurnalisti Mixal Samulskiy X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Joriy yilning 12 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan final uchrashuvida Sobolenko Qozog‘iston vakili Yelena Ribakinaga mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa Ribakina turnir yakuniga ko‘ra Sobolenkodan o‘zib, dunyoning birinchi raqamli tennischisiga aylandi. Belaruslik sportchi esa o‘tgan yili “US Open” turnirida g‘olib chiqqan edi.
Finalda hal qiluvchi ochkodan so‘ng Sobolenko raketkasini yerga tashladi. Keyin uni olib, Ribakina bilan qo‘l berib ko‘rishdi va zaxira o‘rindig‘i tomon yo‘l oldi. U yerda belaruslik tennischi raketkasini sindirib, uni bir necha marta kortga urdi. Shuningdek, videotasvirga oluvchi unga yaqinlashishga uringanida 28 yoshli tennischi qo‘pol so‘zlar ishlatgan.
Ma’lumot uchun, Sobolenko hozirda dunyo reytingida ikkinchi o‘ringa bormoqda. Uning WTA turnirlaridagi chempionliklari soni 24 taga yetgan bo‘lib, ularning to‘rttasi “Katta dubulg‘a” musobaqalarida qo‘lga kiritilgan.
Live
Barchasi