Jokovich “Rolan Garros”ni tark etdi

Sport

image
Kecha, 29 may kuni dunyoning 4-raketkasi hisoblangan serbiyalik tennischi Novak Jokovich “Rolan Garros” musobaqasini tark etdi. Serbiyalik tennischi 2026 yilgi Fransiya ochiq chempionatining 1/8 final bosqichida dunyoning 30-raketkasi bo‘lgan braziliyalik Joau Fonsekaga mag‘lub bo‘ldi.

Uchrashuv 6/4, 6/4, 3/6, 5/7, 5/7 hisobida braziliyalik tennischi foydasiga yakunlandi. ATP matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, bu Jokovichning rasmiy o‘yinlarda braziliyalik tennischiga qarshi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi.

U bunga qadar Tomas Belluchchiga qarshi 6 ta, Rojerio Dutra da Silvaga qarshi 2 ta, Markos Danielga qarshi 2 ta, Rikardu Melloga qarshi 1 ta, Tiago Monteyroga qarshi 1 ta hamda Joau Souzaga qarshi 1 ta g‘alabaga erishgan edi.

Shuningdek, 2012 yilda serbiyalik tennischi braziliyalik Gustavo Kuertenga yutqazgan, ammo o‘sha bahs ko‘rgazmali uchrashuv maqomiga ega bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, hozirda Jokovich faoliyati davomida rasmiy o‘yinlarda 1170 ta g‘alaba va 236 ta mag‘lubiyat qayd etgan. U “Rolan Garros” musobaqasining uch karra chempioni bo‘lib, 2016, 2021 va 2023 yillarda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

Maqola muallifi

Teglar

Novak Jokovich “Rolan Garros” Joau Fonseka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing