Sobolenko va Jokovich “US Open” musobaqasida juftlikda o‘ynaydi
Sport
−
09:55 378 2 daqiqa
Dunyoning 1-raqamli tennischisi, belaruslik Arina Sobolenko hamda sobiq jahonning 1-raqamli tennischisi, 24 karra “Katta dubulg‘a” g‘olibi serbiyalik Novak Jokovich “US Open” musobaqasida aralash juftlik bahslarida birga o‘ynaydi. Bu haqda turnir matbuot xizmati xabar berdi.
Sportchilar musobaqaning asosiy to‘rida ishtirok etadi. 28 yoshli Sobolenko 2024 yil oktyabr oyidan buyon WTA reytingida yetakchilik qilib kelmoqda. Belaruslik tennischi faoliyati davomida 24 ta WTA turnirida yakkalik bahslarida chempionlikni qo‘lga kiritgan.
Sobolenko to‘rt marta “Katta dubulg‘a” turnirlarida g‘olib bo‘lgan. U Avstraliya Ochiq chempionatida 2023 va 2024 yillarda, AQSH Ochiq chempionatida esa 2024 va 2025 yillarda chempionlikni qo‘lga kiritgan. Juftlik bahslarida ham muvaffaqiyatga erishgan Sobolenko 2019 yilda “US Open”, 2021 yilda esa “Australian Open” turnirida g‘olib chiqqan.
39 yoshli Novak Jokovich ayni vaqtda ATP reytingida 5-o‘rinni egallab turibdi. Serbiyalik tennischi faoliyati davomida 101 ta ATP turnirida chempion bo‘lgan. Uning 24 ta “Katta dubulg‘a”dagi g‘alabasi erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida rekord hisoblanadi.
Jokovich 2024 yil Parij Olimpiadasida oltin medalga, 2008 yil Pekin Olimpiadasida bronza medaliga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, u 2010 yilda Serbiya terma jamoasi bilan Devis kubogida g‘olib chiqqan.
Serbiyalik tennischi dunyoning birinchi raqamli tennischisi maqomida eng ko‘p – 428 hafta bo‘lgani bilan ham rekordchi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, “US Open” mavsumdagi to‘rtinchi va so‘nggi “Katta dubulg‘a” turniri hisoblanadi. 2026 yilgi musobaqa 30 avgustdan 13 sentyabrga qadar Nyu-Yorkda o‘tkaziladi. Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 90 million dollarni tashkil etadi.
Live
Barchasi