Jizzaxda yangi tosh davriga oid makonlar va 30 ga yaqin petroglif topildi
Jamiyat
−
15:12 804 2 daqiqa
Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida olib borilgan arxeologik qidiruvlar davomida tosh davriga oid yangi makonlar hamda 30 ga yaqin qoyatosh tasviri aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
.png)
Ma’lum qilinishicha, joriy yil sentyabr oyida Madaniy meros agentligi hamda Ya. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan hududlarda dala-qidiruv ishlari olib borilgan.
.png)
Tadqiqotlar davomida Zomin tumanidagi Achchi qishlog‘ining sharqiy qismida paleolit, Peshag‘or qishlog‘ida esa neolit davriga oid makonlar aniqlangan. Shuningdek, Achchi qishlog‘ining g‘arbiy qismi va Arja qishlog‘i hududlarida neolit davriga mansub topilmajoylar qayd etilgan.
.png)
Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, bir hududda paleolit va neolit davrlariga oid yodgorliklarning topilishi qadimgi jamoalar Zomin vohasi va Turkiston tizmasining ushbu qismida uzoq vaqt davomida yashab, undan muntazam foydalanganini ko‘rsatadi.
.png)
Bundan tashqari, Sharof Rashidov tumanining Ravot qishlog‘i hududida, Ravotsoyning chap sohilida yangi qoyatosh suratlari majmuasi topilgan. Yetti dona slanets qoyatosh yuzasida jami 30 ga yaqin petroglif qayd etilgan.
Tasvirlar orasida ovchi, tog‘ echkisi, qoramol, it, quyoshsimon belgi va kamondan o‘q uzayotgan ovchi aks etgan. Dastlabki tahlillarga ko‘ra, petrogliflar bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrga oid.
Qayd etilishicha, yangi topilmalar Jizzax vohasi va Turkiston tizmasining qadimgi tarixini, jumladan, bu hududlarda yashagan jamoalarning turmush tarzi, tarqalishi va madaniy jarayonlarini o‘rganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi. Kelgusida ushbu yodgorliklarda keng ko‘lamli tadqiqotlar o‘tkazilib, topilmalar davrlashtiriladi va ilmiy hujjatlashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Odirmon yodgorligida miloddan avvalgi III asrdan milodiy III asrgacha bo‘lgan davrga oid qadimiy otashgoh va inson suyaklarini saqlash uchun mo‘ljallangan ossuariy topilgandi.
Live
Barchasi