Qashqadaryoda 2300 yillik ossuariy topildi
Jamiyat
−
15:10 1383 2 daqiqa
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Odirmon yodgorligida miloddan avvalgi III asrdan milodiy III asrgacha bo‘lgan davrga oid qadimiy otashgoh va inson suyaklarini saqlash uchun mo‘ljallangan ossuariy topildi. Bu haqda “La Brújula Verde” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yodgorlikda muntazam arxeologik tadqiqotlar joriy yilda Samarqand Arxeologiya instituti ilmiy xodimi Sanjar Abdurahimov rahbarligida boshlangan. Tadqiqotlar davomida majmuaning shimoli-sharqiy qismidan balandligi qariyb 70 santimetr, kengligi esa 90 santimetr bo‘lgan otashgoh aniqlangan. Unda bir necha qatlamli loy suvoq qoldiqlari saqlanib qolgan.

Otashgoh yaqinidan esa ossuariy – inson suyaklarini saqlash uchun ishlatilgan sopol idish topilgan. Uning yuzasi kiyik va archa, ya’ni Turkiston archasi tasvirlari bilan bezatilgan. Mutaxassislar naqshlarning aniq ma’nosini restavratsiya ishlari yakunlangach aniqlashni rejalashtirmoqda.
Otashgoh va ossuariyning bir joydan topilgani mazkur majmua zardushtiylik an’analari bilan bog‘liq dafn marosimlariga aloqador bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ushbu e’tiqodga ko‘ra, marhumlarning jasadlari ko‘milmagan yoki kuydirilmagan, suyaklar tozalanggach, maxsus idishlarga joylashtirilgan.

Agar Odirmon yodgorligining sanasi tasdiqlansa, topilma So‘g‘d va Xorazm hududlarida bezakli ossuariylar keng tarqalishidan bir necha asr oldingi dafn marosimlari haqida ma’lumot berishi mumkin.
Arxeologlar Odirmon yodgorligining vazifasi va majmuaning tarixiy maqomini aniqlashga yordam beradigan qazishma ishlarini davom ettirmoqda. Madaniy meros agentligi mazkur topilmalar mintaqaning qadimgi aholisi diniy e’tiqodlari va dafn marosimlarini o‘rganishda muhim manba bo‘lishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishmalar vaqtida ilk asrlarga oid gips haykalning bosh qismi topilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi