Jizzaxda o‘qituvchi 1-sinf o‘quvchilariga stul ko‘tartirib qo‘ydi (video)

3-sahifa

image

Jizzax viloyatidagi maktabda o‘qituvchi 1-sinf o‘quvchilarini jazolash maqsadida ularga stul ko‘tartirib qo‘ydi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, mazkur voqea kecha, 22 aprel kuni Zarbdor tumanidagi 5-sonli umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan. 1-"A" sinfga o‘tilayotgan ingliz tili darsida 1999 yilda tug‘ilgan o‘qituvchi R.T. o‘quvchilardan uyga berilgan vazifalarni so‘ragan. U 6 nafar o‘g‘il va 7 nafar qizni darsga tayyorgarlik ko‘rmasdan kelgani tufayli go‘yoki tarbiyaviy chora deb sinf xonasidagi o‘zlari o‘tirgan stullarini ko‘tarishga majbur qilgan. Ushbu holatni o‘zining telefon apparatida video tasvirga olib, Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali shu maktabning ota-onalar guruhiga yuborgan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan Zarbdor tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

“Bolalarga nisbatan turli shakldagi zo‘ravonlik yoki zo‘ravonlikka tayangan tarbiya choralarini, jumladan, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash qonunan taqiqlangan va tegishli javobgarlikka asos bo‘ladi. Bolalar ombudsmani bu holat bo‘yicha bolalar manfaatlari yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi 277-maktabning 1-sinf rahbari xato qilgan o‘quvchilarini jazolash uchun ularning qo‘llariga igna va "samorez" sanchib, tan jarohati yetkazgani xabar qilingandi. Keyinchalik ushbu o‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab o'qituvchi o'quvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing