Jinsiy tarbiya fani nega kerak? Norboyeva aniqlik kiritdi

Jamiyat

image

O‘tgan oyda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jinsiy tarbiya fani o‘tilishi kerakligi haqidagi gapi ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozaralarni keltirib chiqargan edi. Ushbu fikrlar uchun ko‘pchilik Norboyevani ayblagandi ham. Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi kecha, 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Tanzila Norboyeva yana bir bor ushbu fikrlar mohiyatiga e’tibor qaratdi. 

“Men jinsiy tarbiya haqida gapirganimda bloger va jurnalistlarimiz mutlaqo noto‘g‘ri tushunishdi. Jinsiy tarbiya zarurati haqida gapirganimga sabab, qizlarni ginekologga, o‘g‘il bolalarni urologga olib borib tekshirtirish, shamollash asoratlarining oldini olish mumkin. Yoshligidan sog‘ligiga qaraydigan bo‘lsak, bepushtlikning oldini olsa bo‘ladi”, deydi Norboyeva.

Senat raisi so‘zida davom etar ekan, ajrimlar ko‘payishida faqat Mahalla va Ichki ishlar vazirligini aybdor qilavermay, masalaning asosiy sabablarini bartaraf qilish kerakligi haqida gapirdi.

“O‘zbekistonda ajrimlarning 15 foizi bepushtlik oqibatida bo‘lyapti. Bunda nafaqat ayollarning, balki erkaklarning ham bepushtligi bor. Erkaklar shifokorga borishga uyaladi. Ikkinchi yoki uchinchi ayolga ham uylanadi. Lekin bolasi bo‘lmaydi. Ayb o‘zida, ammo davolanishni istamaydi. Ajrimlar ko‘payishida faqat Mahalla vazirligini aybdor qilamiz. Ba’zida Ichki ishlar vazirligi ham aybdor bo‘lib qoladi. Lekin masalaning asosiy sabablarini bartaraf qilish kerak”, deydi Senat raisi. 

Tanzila Norboyeva bolalar bog‘chasidan tortib, to oliy ta’limgacha jinsiy tarbiyadan ta’lim berilishi kerakligi haqida gapirgandi. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 2020 yilning yanvar – sentyabr oylarida FHDYO organlarida jami 19 970 ta oilaviy ajrim qayd etilgan. Yillar kesimida ushbu ko‘rsatkich quyidagicha bo‘lgan: 

  • 2017 yilda 23,6 ming;
  • 2018 yilda 23,8 ming;
  • 2019 yilda 23,6 ming.

Yanvar – sentyabr oylarida FHDYO organlarida qayd etilgan ajrimlar soni bo‘yicha Toshkent shahri – 2746 ta, Andijon – 2271 ta, Toshkent – 2074 ta, Samarqand – 2058 ta va 1988 ta bilan Farg‘ona viloyatlari yuqori o‘rinni egallagan.
 
Respublika bo‘yicha 9 oyda eng kam ajrim holatlari Navoiy (669 ta) viloyatida qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Jinsiy tarbiya

Baholaganlar

407

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing