Jinoyatchilik, deportatsiya, mehnat bozori. Istanbuldagi konsul nima deydi?
Intervyu
−
20:00 577 3 daqiqa
QALAMPIR.UZ yaqinda Turkiyaga amalga oshirgan safarida davomida Istanbul shahrida, O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonasi – Bosh konsulligida ham bo‘ldi. U yerda Bosh konsul Sherzod Abdunazarov bilan uchrashib, Turkiyada va umuman mintaqada yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq dolzarb masalalar – huquqiy muammolar, ta’lim, konsullik xizmatlari, jinoyatchilik holatlari va mehnat migrantlarining ahvoli yuzasidan suhbatlashdik.
Turk ommaviy axborot vositalarida vaqti-vaqti bilan o‘zbekistonliklar jinoyat sodir etgani yoki jinoyat qurboni bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqalib turadi. Biroq statistik ma’lumotlarga ko‘ra, nafaqat Istanbulda, balki konsullik okrugiga kiruvchi Bolgariya hududida ham o‘zbekistonliklar orasida jinoyatchilik darajasi boshqa millatlarga nisbatan yuqori emas.
Ushbu masala Bolgariya tomoni bilan ham muhokama qilingan va ular ham o‘zbekistonliklar jinoyatchilikka moyil emasligini tan olgan. Shu bilan birga, fuqarolar sonining ko‘pligi va Turkiyada 90 kungacha vizasiz rejim mavjudligi sababli ayrim hollarda O‘zbekistonda jinoyat sodir etib, javobgarlikdan qochib kelgan shaxslar ham uchrab turishi qayd etildi.
Shuningdek, Turkiyada yashash uchun ruxsatnoma olmasdan istiqomat qilayotgan fuqarolar, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar hamda noqonuniy migratsiya holatlari mavjud. Ayrim o‘zbekistonliklar noqonuniy yo‘llar orqali Yevropa yoki AQSHga ketishga uringan.
Suriyaga ketish bilan bog‘liq holatlar esa keskin kamaygan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, noqonuniy tarzda Suriyaga ketish kanallari deyarli yopilgan. Aksincha, hozirda suriyaliklar o‘z vatanlariga qaytishni boshlagan.
Avvallari Turkiyada arzon ishchi kuchi sifatida o‘zbekistonlik mehnat migrantlari suriyaliklar bilan raqobatda bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda suriyaliklarning qaytishi fonida o‘zbekistonlik migrantlarga bo‘lgan talab oshgan. Natijada ularning oylik maoshlarida ham ma’lum darajada o‘sish kuzatilmoqda. Biroq, global iqtisodiy inqirozlar, urushlar va inflyatsiya sabab ish haqi masalasi hanuz dolzarbligicha qolmoqda.
Bosh konsulning ma’lum qilishicha, hozirgi kunda taxminan 800-1000 nafar o‘zbekistonlik fuqaro umumiy deportatsiya markazlarida saqlanmoqda. Fuqarolardan konsullik xizmatlari yuzasidan ayrim shikoyatlar ham kelib tushadi. Xususan, hujjatlar kechiktirilishi yoki aloqa bilan bog‘liq e’tirozlar bildiriladi. Biroq, konsullik vakillarining ta’kidlashicha, Turkiyadagi ko‘plab muammolar fuqarolarning o‘z hujjatlariga beparvoligi oqibatida yuzaga kelmoqda.
Masalan, Turkiyada bola tug‘ilib, tug‘ilganlik haqida guvohnoma olinmagan holatlar uchraydi. Bunday vaziyatlarda konsullik muammoni hal qilishga harakat qiladi. Murojaatlar soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, har bir holat bo‘yicha yechim topishga intilinmoqda.
Shu maqsadda konsullik huzurida koll-markaz tashkil etilgan. Fuqarolar bola tug‘ilishi, nikoh, viza, pasport, konsullik ro‘yxatida turish kabi masalalar bo‘yicha operator bilan bog‘lanmasdan ham zarur ma’lumotlarni olishlari mumkin.
So‘nggi paytlarda murakkab holatlar ham qayd etilgan. Xususan, tug‘ilganidan keyin onasi vafot etgan, hujjatlari rasmiylashtirilmagan va otasi boshqa davlat fuqarosi bo‘lgan bola bilan bog‘liq ish bir yildan ortiq vaqt davomida hal qilingan. Natijada bola O‘zbekistondagi qarindoshlariga topshirilgan.
Bosh konsul yana bir muhim masalaga e’tibor qaratdi: ko‘plab o‘zbekistonliklar konsullik ro‘yxatidan o‘tishni istamaydi. Holbuki, konsullik ro‘yxatidan o‘tgan fuqarolarga to‘liq xizmat ko‘rsatiladi – bolalarga pasport rasmiylashtiriladi, yo‘qolgan hujjatlar tiklanadi va boshqa zarur konsullik xizmatlari ko‘rsatiladi.
Ta’kidlanishicha, konsullik ro‘yxatidan o‘tish bepul bo‘lib, onlayn portal orqali amalga oshiriladi. Hozirda bu jarayonni yanada soddalashtirish ustida ishlar olib borilmoqda.
Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi