JIDUdagi adolatsizlik qurbonlari Prezident granti asosida o‘qishga qabul qilinadigan bo‘ldi

Jamiyat

image

Kecha, 20 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ sayti kirish imtihonlarida maksimal – 189 ball to‘plab ham kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlar haqida videomaterial e’lon qilgan edi. “Zaring yo zo‘ring bo‘lmasa biliming bir tiyin. O‘zbekiston bu!” deb nomlangan ushbu videomaterial yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat qabul komissiyasi munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi (o‘zbek guruhi)ga to‘lov-kontrakt asosida tavsiya etilgan 5 nafar iqtidorli va maksimal 189 ball to‘plagan yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan berilgan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida o‘qiydi.

Ular:
1.   Axatova Aziza Shuhrat qizi;
2.   Abdulvoxidova Muxayyoxon Lutfullo qizi; 
3.   Xo‘jabekov Ubaydullo Ne’matovich;
4.   Irgasheva Muxlisa Azizbek qizi; 
5.   Tilavoldiyev Sanjar Zafarjon o‘g‘li;

“O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2023 yil 1 iyuldagi 1-son bayoni bilan 2023/2024 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari tasdiqlanib, tasdiqlangan qabul parametrlariga muvofiq  Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi (o‘zbek guruhi) uchun jami 23 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, shundan davlat granti uchun 3 ta va to‘lov-kontrakt uchun 20 ta o‘rin ajratilgan”, deyiladi komissiya munosabatida.

Qayd etilishicha, aslida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi (o‘zbek guruhi)ga davlat granti asosida quyidagi abituriyentlar:

1.   Urozov Xushnud Nuriddin o‘g‘li – 217,4 ball;
2.   Razzakov Suxrob Sharafiddin o‘g‘li – 212,3 ball; 
3.   Nabijonov Adxamjon Olimjon o‘g‘li – 205,2 ball bilan tavsiya etilgan.

“Ushbu abituriyentlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 iyundagi PQ-4375-son qaroriga muvofiq “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari hisoblanib,
to‘plagan balining 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyozga ega bo‘lganliklari sababli ularda maksimall 189 balldan yuqori ball qayd etilgan”, degan Davlat qabul komissiyasi.

Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning tahririyatga ma’lum qilishicha, Bosh vazir Abdulla Aripovning topshirig‘i bilan ayni paytda Davlat qabul komissiyasining barcha mas’ul a’zolari ushbu masalani hal etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga yig‘ilgan.

QALAMPIR.UZ’ning “bundan keyin ham shunday muammolar paydo bo‘laveradimi?” degan savoliga Qabul komissiyasi a’zosi, Bilim va malakalarni baholash agentligi raisi Majid Karimov javob berar ekan, ayni paytda “Temurbeklar maktabi”ning ham kvotalarini alohidalashtirish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

“Shunga o‘xshash keyingi holatlarning ham oldini olish uchun muntazam ishlovchi tartib ishga tushirilyapti. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan boshqa OTMda bunday muammo yo‘q. Maksimal ball to‘plab ham kontraktga o‘qishga qabul qilinganlar aslida 6 nafar edi. Qoraqalpog‘istonlik bir talabaning muammosini hal qildik. Qalgan 5 nafarining muammosi esa bugun yoki ertaga hal bo‘ladi”, dedi Majid Karimov.

Ushbu holat haqidagi maxsus intervyularni QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi Majid Karimov JIDU Prezident granti Behzod Hidoyatov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing