“Jiddiy narsa”. Putin KXDR askarlari aks etgan suratlarga izoh berdi
Olam
−
24 Oktabr
16882Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatda Shimoliy Koreya qo‘shinlari borligini aks ettiradigan sun’iy yo‘ldosh suratlari haqidagi savolga javob berib, ularni “jiddiy narsa” deb atadi. Bu haqda RBK xabar berdi.
“Suratlar – bu jiddiy narsa. Agar suratlar bo‘lsa, ular nimanidir aks ettiradi”, dedi davlat rahbari BRICS sammitining XVI yakuniy matbuot anjumanida.
U shuningdek, NATO harbiylari allaqachon to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina mojarosida ishtirok etayotganini ta’kidladi.
“Sizga ma’lumki, bugun bizning strategik sheriklik haqidagi shartnomamiz ratifikatsiya qilindi va uning 4-moddasi mavjud. Biz hech qachon Shimoliy Koreya rahbariyati kelishuvlarga jiddiy munosabatda ekanligiga shubha qilmaganmiz. Bu 4-modda doirasidagi bizning ishimiz”, dedi Putin.
Shuningdek, Rossiya Prezidenti Moskva keskinlikni kuchaytirish niyatida emasligini, buni “boshqa tomondagilar” qilayotganini va Rossiya bu keskinlikka tayyorligini bildirdi.
“O‘ylab ko‘ring, bunga qo‘l urayotgan davlatlar bunga tayyormi?” dedi u.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati avvalroq Shimoliy Koreya ilk harbiy guruhni tayyorgarlikdan o‘tish uchun Vladivostokka yuborganini xabar qilgan edi. Shuningdek, Pxenyan jami 12 ming kishilik to‘rtta brigadani Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun Rossiyaga taqdim etishni rejalashtirayotgani aytilgandi. Bundan tashqari, maxsus bo‘linmalar hamda Rossiyaning Su-25 va MiG-29 samolyotlarini boshqaradigan uchuvchilar ham frontga yuborilishi mumkin. NATO ittifoqchilar Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyaga o‘tkazilishi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi. Biroq 21 oktyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi ishchi guruhi yig‘ilishida Shimoliy Koreyaning doimiy vakili Kim Song uning mamlakati o‘z askarlarini Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyaga jo‘natgani haqidagi xabarlarni rad etib, bunday ma’lumotni “asossiz mish-mishlar” deb atagandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasi mamlakat Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘rtasida joriy yilning iyun oyida Pxenyanda imzolangan ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik hamkorlik shartnomasini bir ovozdan ratifikatsiya qilgan edi. Hujjat de-fakto harbiy ittifoqni anglatadi. Xususan, ushbu kelishuvning 4-moddasida agar tomonlardan biri bir yoki bir nechta davlatning qurolli hujumi tufayli urush holatiga tushib qolsa, ikkinchisi zudlik bilan unga mavjud barcha vositalari bilan harbiy yordam ko‘rsatishi belgilangan.
LiveBarchasi