Jennifer Lopez eri bilan rasman ajrashdi
Madaniyat-san’at
−
08 yanvar 12195 2 daqiqa
AQSH sudi xonanda Jennifer Lopez va aktyor Ben Afflekning ikki yil davom etgan nikohidan keyin ortiqcha sud ishlarisiz ajrimni rasmiylashtirdi. Bu haqda “Baazar” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jennifer Lopez va Ben Afflekning hech biri aliment to‘lamaydi, aktyor “Artists Equity” prodyuserlik kompaniyasidagi ulushini saqlab qoladi, Lopez esa o‘z loyihalarini amalga oshirishda davom etadi. Sobiq juftlik birgalikda xarid qilgan villa borasidagi kelishmovchiliklar ham bartaraf etilgan. Ammo ular qanday kelishuvga erishgani hozircha e’lon qilinmagan. Shuningdek, kelgusi oyda sud hay’ati ajrimni to‘liq ma’qullagach, Lopez Afflek familiyasidan rasman voz kechadi.
Ma’lum qilinishicha, juftlik 2023 yilda 60 million dollarga xarid qilgan hashamatli uy hozirda sotuvga qo‘yilgan. TMZ ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha uyni olishga talabgorlar yo‘q.
Juftlikka yaqin bo‘lgan manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Ben Afflek va Jennifer Lopez to‘ydan oldin nikoh shartnomasi tuzmagan. Do‘stlarining so‘zlariga ko‘ra, aynan Jennifer Lopez nikoh shartnomasini tuzishda qat’iy turmagan. Bu uning to‘rtinchi nikohi bo‘lgani uchun Jennifer bu safar hammasi yaxshi bo‘lishiga ishongan. Ayniqsa, Afflek bilan 20 yildan beri tanish bo‘lganini inobatga olsak, bu vaqt davomida ular bir-birlarini yaxshi bilib olishga ulgurgan. Ammo nikohning birinchi yilidayoq xonanda bu qaroridan afsuslana boshlagan.
Ma’lumot uchun, juftlikning muhabbat tarixi 2002 yilga borib taqaladi, 2004 yilda Jennifer va Ben nikohdan o‘tishni rejalashtirgan, ammo Lopez to‘yni bir necha kun qolganda to‘xtatgan. Oradan qariyb yigirma yil o‘tib — 2021 yil iyul oyida Lopez va Afflek yana birga ekanini tasdiqlagan. 2022 yil 16 iyulda esa juftlik munosabatlarini rasman qonuniylashtirgan.
2024 yilning yozida Lopez Afflek bilan ajrashish uchun ariza bergan. Ariza sudga 20 avgust kuni taqdim etilgan. Xonanda ajrashganidan keyin ham sobiq eridan moddiy yordam olishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 49 yoshli Gollivud aktrisasi Anjelina Joli sobiq turmush o‘rtog‘i Bred Pitt bilan sudlashuv jarayonini davom ettirish uchun bor-budini sotayotgani haqida xabar berilgandi. 2016 yilda ajrashishga qaror qilgan Gollivud yulduzlarining Chateau Miraval vino zavodi bo‘yicha olib borayotgan sud jarayoni hali nihoyasiga yetmagan. Ayni paytda Jolining bank hisobidagi mablag‘lar esa tugab bormoqda.
Live
Barchasi