Ayollarni pasportga ro‘molini yechib tushishga majburlashni to‘xtatish kerak – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
08 avgust 9318 3 daqiqa
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov ro‘mol o‘ragan ayollarni pasport uchun rasmga ro‘molini yechib tushishga majburlashni to‘xtatish kerakligini aytdi. Bu haqda u amerikalik megayulduz Jennifer Lopezning Toshkentdagi konsertidan keyin boshlangan munozaralar fonida bugun, 8 avgust kuni o‘zining Telegram-kanalida post qoldirdi.
“Jennifer Lopezning konserti serdaromad ish va yopiq tadbir, narkotika tarqatib, davlatga qarshi targ‘ibot qilmasa, o‘tkazadi, tanasini ko‘rsatish uni tanlovi, ko‘rish esa tadbirga bilet olganlarniki, dunyoviylik shu!
Lekin, xuddi shunday o‘ranib yurmoqchi bo‘lgan ayol vatandoshni ham tanlovi qonun bilan himoya qilingan. Yalong‘och namoyishini dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga ham dahl qilmaslik kerakligini qabul qilaylik. Lopezga qanday kiyinishni o‘rgatmaganimizdek, e’tiqodli ayollarimizga ro‘molni qanday o‘rashni o‘rgatishni, qolaversa, shu yoshga kelib e’tiqodi talabiga rioya qilgan ayollarni pasportga ro‘molini yechib tushishga majburlashni ham to‘xtatish kerak”, deydi deputat.
Shuningdek, u identifikatsiya talablari yuzni ochiq bo‘lishini taqozo qilishini, lekin sochni emasligini ta’kidlab, Lopezga ko‘rsatgan bag‘rikenglikni dindor ayollarga ham ko‘rsatishga chaqirgan.
“Dunyoviylik ishonganga ham, ishonmaganga ham teng bo‘la olish degani, zo‘rni zaifga hayotdan dars berishi emas.
Lopez raqsini tushunish uchun Markesni dunyo falsafasini o‘qigan bo‘lish kerak…” deydi Qodirov.
Deputat O‘zbekistonning dunyoviy davlat ekani tortishilmasligini, dunyoviy davlat ko‘pchilik saylagan parlament tomonidan qabul qilinib, ko‘pchilik saylagan Prezident tomonidan maqullangan qonunlarni buzmagan holda, o‘zi istaganidek yashash imkonini berishini urg‘ulagan.
“Vatanimizda barcha millat va dunyoqarashdagi vatandoshlar emin-erkin, qonunlarni buzmagan holda farovonlikka intilishi uchun sharoit yaratish ustuvor maqsad ekanligi mustahkam belgilangan. Hamma teng va hech kim kamsitilmasligi kafolatlangan.
Agar biron vatandosh pivo ichmoqchi bo‘lsa, ichadi, bu uning tanlovi, ichmaydigan vatandosh ichmaydi va buning sababini har ikki toifa hech kimga izoh berishga majbur emas.
Alkogolni ichish mumkin, lekin reklama qilish mumkinmas, bu amaldagi qonunda belgilangan, albatta, parlament saylovlarini mutlaqo yutadigan biron siyosiy kuch qonunni o‘zgartirib alkogolni “milliy qadriyat”, bir jinslilarni oila qurish talabini esa erkin tanlov sifatida norma qilishi ham mumkin, bunga siz huquq berasiz…
“Milliy tiklanish” har qanday taraqqiyotni qadriyatlarga tayanishi kerak degan g‘oyasida mustahkamligini eslatib qo‘ymoqchiman”, deydi partiya yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 7 avgust kuni Jennifer Lopez “Up All Night – Live in 2025” sayyor chiqishlari doirasida O‘zbekistonda chiqish qildi. Uning konsert dasturi esa Toshkentdagi O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy o‘yinlari o‘tkaziladigan, shuningdek, “Bunyodkor” klubining uy maydoni hisoblanuvchi “Bunyodkor” stadionida o‘tkazildi.
Live
Barchasi