Jennifer ketdi, ortidan havoga uchgan millionlar va rasvosi chiqqan stadion qoldi

Tahlil

O‘zbekistonliklar uchun o‘tgan haftaning eng shov-shuvli voqeasi dunyo megayulduzi Jennifer Lopezning Toshkentda konsert bergani bo‘ldi. 7 avgust kuni “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan tadbir qo‘shiqchining “Up All Night: Live in 2025” jahon gastroli doirasida tashkil etildi. Jennifer Lopez Toshkentga avval ham kelgani, kichik va yopiq davralarda qo‘shiq kuylaganini aytib o‘tgan, ammo bu galgi konsert uning O‘zbekistondagi ilk katta chiqishi bo‘ldi. Tomoshabinlar sahna shousi, mashhur hitlar va professional xoreografik chiqishlardan bahramand bo‘ldi.

Xo‘sh, bu shou qanday mablag‘lar evaziga nima maqsadda tashkil etildi va o‘zini oqladimi?

Mashhur qo‘shiqchi va aktrisa Jennifer Lopez shu yilning 8 iyulidan 12 avgustiga qadar dunyoning 13 davlatidagi 20 ta shaharda o‘zining jahon gastrolini o‘tkazmoqda. Ispaniya, Vengriya, Italiya, Turkiya, BAA, Polsha, Misr, Qozog‘iston, Armaniston va O‘zbekiston kabilar shular jumlasidan.

“Axborot 24” dasturida ma’lum qilinishicha, amerikalik megayulduzning konserti uchun 25 mingta chipta sotilgan bo‘lib, shundan 15 mingdan ortig‘i yoki 67 foizini xorijliklar sotib olgan. Qayd etilishicha, mamlakatlar bo‘yicha 7,5 mingta chiptani Rossiya fuqarolari, 2,5 mingdan ortig‘ini Qozog‘iston fuqarolari sotib olgan. Qolgan xaridorlar Yevropa va boshqa mamlakatlardan bo‘lgan.

Lavhada ta’kidlanishicha, konsert chiptalari narxi 1 million so‘mdan 4,2 million so‘mgacha edi. Xabar qilinishicha, konsertga kelgan xorijliklar O‘zbekistonga 4-6 kunlik sayohat uchun tur-paketlarni xarid qilgan.

Keling, mavjud ma’lumotlardan foydalanib, O‘zbekiston uchun konsertdan keyingi kirim-chiqimlar qanday bo‘lganini taxminan hisob-kitob qilib ko‘ramiz. 

Agar chiptalarning o‘rtacha narxi 2 million 570 ming bo‘lsa, tadbirda ishtirok etgan jami 25 ming kishi sotib olgan chiptadan taxminan 64 milliard 250 million so‘m tushadi. 

Agar xorijdan kelgan 15 ming muxlisning har biri 4-6 kunlik tur-paketlar sotib olgan bo‘lsa, mamlakatda qancha pul sarf qiladi? Markaziy Osiyo mintaqasidagi sayyohlik haqida ma’lumotlar jamlovchi “Tourcentralasia” blogi hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtacha darajali sayohatni amalga oshirayotgan bir turist O‘zbekistonda kuniga o‘rtacha 1,2-1,6 million so‘m mablag‘ sarflaydi. Demak, 15 ming xorijlik 4-6 kunda 144 milliard so‘m sarflaydi. Shunda faqatgina chipta sotuvi va sayyohlarning ehtimoliy xarajatlaridan kelib chiqib, hozircha mamlakat foydasiga kamida 208 milliard so‘m atrofida mablag‘ kirganini taxmin qilish mumkin.

Keling, endi xarajatlar haqida gaplashsak. Gastrol davomida Lopez o‘z xizmati uchun 2,5 million dollar atrofida gonorar olayotgani aytilmoqda. Demak, katta ehtimol bilan Toshkentdan ham shunday summa so‘ralgan, agar Lopez O‘zbekistonga chegirma qilib bermagan bo‘lsa, albatta.

Bundan tashqari, qo‘shiqchi va uning 90 kishilik jamoasining ikki kunlik yashash xarajatlari ham anoyi emas. Masalan, Armaniston Lopez ovqatlanishi uchun ikki kunda 37 ming dollar, mehmonxona xarajatlari uchun esa 10 ming dollar sarflagani aytilmoqda. Bu faqat qo‘shiqchining xarajatlari, xolos. Jamoasi bilan qo‘shib hisoblaganda esa bu raqamlar 248 ming dollarga aylanadi. O‘zbeklar uchun “mehmon – atoyi Xudo”. Biznikilar ham Lopezni armanistonliklardan kam mehmon qilmagandir, har qalay.

Agar hukumat axborot kanallarida aylanayotgan raqamlar bo‘yicha hisob-kitob qilsak va natijadagi eng katta raqamni olib, uni AQSH dollariga aylantirsak, bu 16,4 million dollarini tashkil etmoqda. Bundan san’atkorning 2,5 million dollarlik gonorari, qariyb 250 ming dollarlik yashash xarajatlari, tadbir tashkiliy ishlari va “Bunyodkor” stadionining payhon bo‘lgan 1 million dollarlik maydonini ayirib tashlasak, bizga qoladigan mablag‘ taxminan 11-12 million dollarini tashkil etadi.

Bular shunchaki ochiq manbalarda aks etgan raqamlar asosida qilingan qo‘shuv va ayiruvlar natijasidir. Ammo haligacha biror rasmiy tashkilot chiqib, raqamlarni ochiqlamadi.

Jennifer Lopezning Toshkentdagi konserti tashabbuskori Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasidan rasmiy raqamlar haqida ma’lumot olishga urinib ko‘rdik, ammo jamg‘arma qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Mehmon yaxshi-yu, uning tashvishi yomon-da! Mana masalan, Armaniston hukumati megayulduz Jennifer Lopezning konsertini dabdaba bilan o‘tkazdi, san’atkor va uni jamoasini ham hashamatli kuzatdi. Ammo endi bu pullarning bari davlat hisobidan ketgani uchun xalq norozilik bildirib, mas’ullarning javobgarlikka tortilishini talab qilmoqda. Tashkilotchilarning esa boshi qotgan.

Mahalliy nashrlarda yozilishicha, Yerevan vitse-meri Armen Pambukchyan hukumat konsert uchun 7 million dollar ajratganini, biroq xarajatlar o‘zini oqlaganini aytgan. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik, xususan, sobiq bosh vazir Grant Bagratyan bu xarajat konstitutsiyaga zid ekanini, buning uchun tegishli shaxslar javobgarlikka tortilishi kerakligini aytmoqda.

Shunday qilib, o‘zbekistonlik tashkilotchilar tadbir uchun qancha pul sarflagani ham, qancha foyda olgani ham noma’lumligicha qolmoqda. Agar O‘zbekiston ham Armanistonchalik mablag‘ sarflagan bo‘lsa, yuqoridagi 11-12 raqamlari 8-9 ga aylanadi.

Futbol maydonidan ko‘chirilgan futbol o‘yini

7 avgust kuni “Bunyodkor” stadionida amerikalik qo‘shiqchining konserti bo‘lib o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Superligasining 17 turidagi “Bunyodkor” – “Sho‘rtan” uchrashuvi “Jar” stadioniga ko‘chirilgan. 

Futbol o‘yingohlarida o‘tkaziladigan tadbirlarning yomon tomonlaridan biri bu stadionni band qilishdir. Ayniqsa, Lopezdek megayulduz konserti mahalliy o‘yinlardan ancha ustun ko‘rilishi yuqoridagi holatda aks etadi. Afsuski, rejalashtirilgan o‘yinning rejalashtirilmagan joyga ko‘chirilishi keltirilgan yagona noqulaylik emas.

Gap shundaki, “Bunyodkor” stadionining konsertdan keyingi holati jamoatchilikda xavotir uyg‘otmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dasturdan so‘ng stadion maysasi jiddiy zarar ko‘rgan. Sport nashrlari va blogerlar maydonning holati ayni vaqtda yomon ekani haqida postlar qoldirib, maysaning shikastlangani aks etgan suratlarni e’lon qilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, konsert uchun o‘rnatilgan konstruksiya, ya’ni Jennifer Lopez uchun tayyorlangan maxsus sahna stadionning bir qismini cho‘ktirgan.

Bundan tashqari, stadiondagi sug‘orish hamda drenaj (yomg‘ir suvi va ortiqcha suvlarni chiqarib yuborish) tizimiga jiddiy zarar yetkazilgan. O‘zbekiston Professional futbol ligasi direktori Diyor Imomxo‘jayevning qayd etishicha, bunga qadar stadion chimini mazkur holatga keltirish uchun 1 million dollar atrofida mablag‘ ajratilgan. UzPFL rahbari bu haqda quyidagicha post qoldirdi:

“Xivadaman. Ko‘zim bilan ko‘rmadim, ammo rasmlarga ko‘ra, kutilmalarimiz o‘zini oqladi. 1 million (dollar)ga qilingan maydon o‘ldi. 1 million ham stadion qurilayotganda ba’zi jihatlar ura-ura bilan qilingani oqibatida ketdi. Hech bo‘lmasa, 400 ming (dollar)ga qilish mumkin edi”.

13 yil oldin qurilgan mazkur maydon sifati haqida ko‘p marotaba yomon ta’riflar aytilgan. 2023 yilning qishida esa 80% tabiiy va 20% sun’iy o‘tdan iborat yangi gibrid maydon o‘rnatilgandi.

Sport jurnalisti Narzulla Saydullayev o‘zining Telegram-kanalida endi maydonni tiklash uchun 2 oy vaqt kerak bo‘lishi haqida yozdi.

“Stadion chimi bilan shug‘ullanadigan agronom bilan gaplashdim. Uning aytishicha, o‘lgan maysalarni maxsus texnika yordamida terib chiqish kerak. “Bunyodkor” stadionida mana shunday texnika bor ekan. Agronomning aytishicha, endi maysa o‘ziga kelishi uchun taxminan 2 oy vaqt kerak bo‘ladi”, deydi u.

Ta’kidlash joizki, “Bunyodkor” stadioni ushbu konsert ortidan zarar ko‘rgan ilk maydon emas. Avvalroq Jennifer Lopezning Yerevandagi chiqishidan keyin ham stadion chimiga jiddiy zarar yetgani haqida ma’lumotlar berilgan edi.

Diyor Imomxo‘jayevning fikricha, Lopezga sarflangan puldan 3 barobar kamiga ham taxminan o‘sha foydani olish mumkin.

“Aytishim kerakki, Jey Loga ketgan puldan 3 barobar kamiga 2 ta kuchli terma (jamoa)ni olib kelib, qo‘shimchasiga 1 million dollarlik gazonni saqlab qolib, biletlarni talash qilib sotib, taxminan o‘sha foydani olish mumkin”, degan u X tarmog‘idagi sahifasida.

Bosilgan mavzuni ko‘tarib ketgan Lopez

Kutilganidek, Lopezning konserti har tomonlama mavzularni muhokamaga olib chiqdi: mablag‘lardan tortib stadionga yetkazilgan zararlargacha, o‘zbekistonlik hamkasbini nazarga ilmaganidan tortib ochiq-sochiq kiyinganigacha. Mana shunday muhokamalar qaynab turgan bir paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov kutilmagan, ammo eski mavzuni o‘rtaga tashladi. U ro‘mol o‘ragan ayollarni pasport uchun rasmga ro‘molini yechib tushishga majburlashni to‘xtatish kerakligini aytdi.

“Jennifer Lopezning konserti serdaromad ish va yopiq tadbir, narkotik tarqatib, davlatga qarshi targ‘ibot qilmasa, o‘tkazadi, tanasini ko‘rsatish uning tanlovi, ko‘rish esa tadbirga bilet olganlarniki, dunyoviylik shu!
Lekin, xuddi shunday o‘ranib yurmoqchi bo‘lgan ayol vatandoshning ham tanlovi qonun bilan himoya qilingan. Yalang‘och namoyishini dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga ham daxl qilmaslik kerakligini qabul qilaylik. Lopezga qanday kiyinishni o‘rgatmaganimizdek, e’tiqodli ayollarimizga ro‘molni qanday o‘rashni o‘rgatishni, qolaversa, shu yoshga kelib e’tiqodi talabiga rioya qilgan ayollarni pasportga ro‘molini yechib tushishga majburlashni ham to‘xtatish kerak”, deb yozdi deputat o‘zining Telegram-kanalida.

Bir partiya rahbari o‘laroq Qodirovning bunday dadil va ayni paytda amaldagi qonunchilikka qarama-qarshi bayonoti ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Shuningdek, ta’kidlab o‘tish joizki, ijtimoiy tarmoqlarda deputatning bu fikrini ma’qullab, olqishlab chiqishlar ko‘payib ketdi. Masalan, huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanovning yozishicha, Qodirov Prezident farmoniga qarshi chiqayotganini bila turib shunday post yozgan bo‘lsa, bunga ofarin deyish kerak.

“Alisher Qodirov Prezident farmoniga qarshi chiqdi. U bu jur’atni qaydan oldi, bilmadim-u, ammo Prezident farmonida aks etgan talabga qarshi chiqish bugungi rasmiylarning tushiga ham kirmasa kerak. Holbuki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilning 22 sentyabridagi PF-6065-sonli farmoniga ko‘ra, fuqaro shaxsini tasdiqlovchi ID kartaga rasmga tushishi uchun bosh kiyimini yechishi qat’iy ko‘rsatilgan.  Agar Alisher Qodirov buni bila turib, bugungi postini yozgan bo‘lsa, ofarin”, deb yozadi Tashanov o‘zining Facebook sahifasida.

Toshkentdagi Lopez konsertining mamlakatga foydasi keltirilgan noqulayliklarga arziydimi yoki yo‘q, bu savolga javob topib bo‘lmaydi. Ammo shunisi aniqki, bu shou va uning atrofidagi shov-shuvlar hali yana bir muddat muhokama markazida bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Diyor Imomxo'jaev Bunyodkor Alisher Qodirov chim kontsert ro'mol Jennifer Lopez maysa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing