JCHda doping: Tunis futbolchilarining doping testi ijobiy chiqdi

Sport

image

2026 yilgi FIFA Jahon chempionatida ishtirok etgan Tunis milliy terma jamoasining kamida 8 nafar futbolchisi doping nazoratidan o‘ta olmagan. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, tekshiruvlar davomida futbolchilar organizmidan nafas yo‘llarini kengaytiruvchi klenbuterol moddasi aniqlangan. U Jahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan preparatlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Biroq keyinchalik o‘tkazilgan qo‘shimcha tekshiruvlar mazkur moddaning aniqlanishi futbolchilarning qasddan doping qabul qilgani bilan emas, balki jamoaning Meksikadagi yig‘ini davomida mahalliy go‘sht iste’mol qilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Manbaga ko‘ra, futbolchilarning klublari vaziyatdan xabardor qilingan. Shu bilan birga, ularga nisbatan qo‘shimcha intizomiy choralar yoki diskvalifikatsiya qo‘llanilishi ehtimoli juda past deb baholanmoqda.

Qayd etilishicha, ayrim mamlakatlarda, jumladan Meksikada, klenbuterol chorva mollarining o‘sishini tezlashtirish maqsadida qo‘llaniladi. Shu sababli ushbu moddaning oziq-ovqat orqali inson organizmiga tushishi bilan bog‘liq holatlar avval ham kuzatilgan. Xususan, 2011 yil Meksika mezbonlik qilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida 109 nafar futbolchining doping sinamasi ijobiy chiqqan. Biroq, FIFA va WADA bu holat oziq-ovqat ifloslanishi bilan bog‘liq ekanini inobatga olib, hech qanday sanksiya qo‘llamagan.

Ma’lumot uchun, Tunis milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi. Jamoa guruh bosqichida Shvetsiyaga (1:5), Yaponiyaga (0:4) va Niderlandiyaga (1:3) hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani guruh bosqichidayoq yakunladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing