JCH uchun avtoturargoh narxi o‘yin chiptasidan ham qimmatga sotilmoqda
Sport
−
14 noyabr 2025 2112 2 daqiqa
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionati arafasida stadionlar yaqinidagi avtoturargoh narxlarini o‘yin kuni uchun 75 dollardan 175 dollargacha narxda sotishni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu narxlar hatto Qatar–2022 Jahon chempionatidagi guruh bosqichi chiptalaridan qimmatroq bo‘lib chiqdi. Bu haqda “Inside World Football” nashri xabar berdi.
FIFA ushbu loyihani texnologik kompaniya JustPark bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda. Tashabbus tarixda birinchi marta Jahon chempionati doirasida to‘xtash joylarini rasmiy tarzda monetizatsiya qilishni ko‘zda tutadi.
-1(1).png)
Ko‘plab AQSHdagi stadionlarda to‘xtash joylari allaqachon yuqori narxlarda sotuvga qo‘yilgan, biroq FIFA belgilagan narxlar hatto AQSH bo‘yicha ham yuqori deb baholanmoqda. Masalan, Filadelfiyadagi “Linkoln Faynenshel Fild” stadionida guruh bosqichi uchun to‘xtash joyi 115 dollar, keyingi bosqichlarda esa 145 dollarga ko‘tariladi. Ayrim uchrashuvlar - yarim final va uchinchi o‘rin o‘yinlarida narx 175 dollarga yetadi.
Shu bilan birga, FIFA hali aniq avtoturargoh joylashuvini oshkor qilgani yo‘q. Ayrim ma’lumotlarda ular stadiondan 20 daqiqagacha yurish masofasida joylashgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Turnir tashkilotchilarining ta’kidlashicha, yuqori narxlar to‘xtash joylari sonining cheklanganligi bilan bog‘liq. Xavfsizlik zonalari, mehmondo‘stlik hududlari va fan-parklar tufayli stadion atrofidagi maydonlarning aksariyati to‘xtash uchun yaroqsiz holga keladi. Shu sababli muxlislarga jamoat transportidan yoki sayohat xizmatlaridan foydalanish tavsiya etilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bu tashabbus FIFA’ning tijoriy daromadni maksimal oshirish siyosatining bir qismi hisoblanadi. Jahon chempionati tashkilotchilari 2026 yilgi turnirdan 13 milliard dollar daromad olishni prognoz qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlariga bir milliondan ortiq chipta sotilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi