Jahon chempionati uchun hozirgacha qancha chipta sotildi?
Sport
−
17 Oktabr 2389 1 daqiqa
2026 yil AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlariga bir milliondan ortiq chipta sotildi. Bu haqda “Inside FIFA” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, FIFA Jahon chempionatiga allaqachon 28 ta jamoa yo‘llanma olgan va butun dunyoning eng nufuzli musobaqasining tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishi kutilayotgan navbatdagi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, 212 mamlakat va hududdagi muxlislar sentyabr oyi o‘rtalarida boshlangan “Visa Presale Draw” – chiptalar sotuvining dastlabki bosqichi yakunlanganidan so‘ng bir milliondan ortiq chiptani xarid qilishdi.
Uchta mezbon davlat – AQSH, Kanada va Meksika aholisi, aynan shu tartibda, boshqalardan ko‘ra ko‘proq chipta sotib oldi. Talab bo‘yicha Angliya, Germaniya, Braziliya, Ispaniya, Kolumbiya, Argentina va Fransiya chiptalar savdosi bo‘yicha yetakchi o‘ntalikni yakunlab berdi.
Ma’lumot uchun, Jahon chempionati keyingi yil 11 iyundan 19 iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Musobaqada 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etib, ular har birida to‘rttadan jamoa bo‘lgan 12 ta guruhga taqsimlanadi. Jahon chempionatining pley-off bosqichiga guruhlarida birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar, shuningdek, uchinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi sakkizta jamoa yo‘l oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mundial uchun mo‘ljallangan chiptalar narxi ma’lum bo‘lgan edi.
Jahongir Inomjonov