JCH fonida Fransiyada 227 kishi hibsga olindi
Sport
−
19 dekabr 2022
4065Fransiya huquq-tartibot idoralari 19 dekabrga o‘tar kechasi Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati final o‘yinida Argentina terma jamoasining g‘alabasidan so‘ng, qator shaharlarda yuz bergan tartibsizliklar fonida 227 kishini hibsga oldi. Bu haqda Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib, "Agence France-Presse" nashri xabar berdi.
Parijda 47 kishi hibsga olingan. Muxlislar va politsiya o‘rtasidagi asosiy to‘qnashuv Yelisey maydonida sodir bo‘ldi. U yerda qalqonlar yordamida bezorilarni tarqatib yuborishga bir necha bor urinishganidan so‘ng, huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Parijda o‘yindan keyin tartibni saqlash uchun jami 3000 ga yaqin huquq-tartibot idoralari xodimlari jalb qilingan va o‘yin davomida Yelisey maydoni bo‘ylab avtomobillar harakati to‘sib qo‘yilgan.
Shuningdek, Lionda jiddiy to‘qnashuvlar sodir bo‘lib, politsiya xodimlariga tosh va shishalar otilgan, bir qancha do‘konlarning oynalariga zarar yetgan. Bordo, Beze va Nitssa shaharlarida tartibsizliklar qayd etilgan. Nitssa meri Kristian Estrosi muxlislarning bu xatti-harakatini keskin qoralab, tartibsizliklarni qo‘zg‘atuvchilarga eng qattiq jazo berilishini talab qildi.
Fransiya 2006 yildan buyon uchinchi marta Jahon chempionati finaliga chiqdi, biroq hal qiluvchi bahsda Argentinaga penaltilar seriyasida 4:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
LiveBarchasi