Jazosiz qolayotgan jinoyat yoxud 6 jonning xunini kim to‘laydi?
Tahlil
−
13 yanvar 2023
163572022 yilning 6 aprel kuni "O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish to‘g‘risida"gi qaror bekor qilindi, ya’ni 2019 yil 4 dekabrdagi Prezident farmonida keltirilgan, “2021 yil 1 yanvardan boshlab xalqaro tajribadan kelib chiqib sport sohasini, ayniqsa, futbolni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish haqida”gi qism o‘z kuchini yo‘qotdi.
2022 yilning dekabr oyida O‘zbekistonda qimorga asoslangan onlayn o‘yinlarni o‘ynash va uni reklama qilishga doir jazo va javobgarlik choralari kuchaytirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining o‘sha paytdagi deputati Rasul Kusherboyev ham o‘z Telegram sahifasida xabar bergandi.
Deputatlar ko‘rib chiqayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksida quyidagilar ko‘zda tutilgandi:
Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish, o‘tkazish yoki ularda ishtirok etish uchun telekommunikatsiya tarmoqlari yoxud Internet jahon axborot tarmog‘i orqali xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish — Bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytishimiz joizki, O‘zbekistonda “onlayn qimor” bilan bog‘liq jinoyatlar 2019 yilda 55 ta, 2020 yilda 86 ta, 2021 yilda 103 ta, 2022 yilning birinchi yarim yilligida 90 tani tashkil etgan.
Mutaxassislarning fikr bildirishicha, bunday o‘yinlar insonda qaramlikni vujudga keltirib, katta miqdordagi pul mablag‘lari sarflashiga va ayrim fuqarolarning o‘z joniga qasd qilish, firibgarlik, byudjet mablag‘larni talon-toroj qilish kabi harakatlar sodir etishiga sabab bo‘lmoqda.
"Onlayn qimor"da yutqazgani ortidan 2022 yilning birinchi yarim yilligida 6 nafar fuqaro o‘z joniga qasd qilib, vafot etgan. Ularning barchasi 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini cheklaydigan eshitilishidan judayam kuchli qonunlari bor, lekin nega bu qonunlarning amali yo‘q?
Nega mamlakatda o‘tkazilayotgan yirik sport tadbirlarida hali ham qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar targ‘ib qilinmoqda va ana shunday holatlarga nisbatan chora ko‘rilmayapti?
Misol uchun, 2022 yilning 20 noyabr kuni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv vaqtida stadion chetidagi tablolarda Rossiya bukmekerlik kompaniyasining reklamasi aylanib turdi va bu holat O‘zMTRK tomonidan translayatsiya qilindi. 90 daqiqadan ortiq vaqt mobaynida hech bo‘lmaganda 10 dan ortiq kishi stadiondagi onlayn qimor o‘yini reklamasi ortidan ushbu ofat sari ilk qadamini qo‘ygan bo‘lishi mumkin va albatta, bunday bo‘lmasligiga, reklama o‘z kuchini ko‘rsatmasligiga, changalga ilintirmasligiga hech kim kafolat bermaydi.
Yana bir shunga o‘xshash holat joriy yilning 7 yanvar kunida Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasida o‘zbekistonlik birinchi UFC jangchisi Mahmud Murodovga tegishli “Muradov professional ligasi” turnirida kuzatildi. Oktagonda yana bir rus bukmekerlik kontorrasining targ‘ibotini ko‘rish mumkin. MPL bahslari ham ham televideniya orqali butun O‘zbekistonga jonli tarzda namoyish etildi.
Umuman Mahmud Murodovga tegishli mazkur liganing oldingi turnirlarida ham bukmekerlik kontorrasi targ‘ib qilingan.
Yuqoridagi tashkilotlar va nomlarga nisbatan hech qanday g‘arazligimiz yo‘q, lekin shu yurt fuqarosi sifatida qonunlarimiz haqiqatda kuchli bo‘lishini va uni buzgan har bir tashkilot, muassasa yoki shaxsga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishini biz ham xohlaymiz, zero qonun ustuvorligi bor joyda taraqqiyot bo‘ladi.
QALAMPIR.UZ'ning ushbu mavzu bo‘yicha tayyorlagan maxsus ko‘rsatuvini yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi