Bangladeshning sobiq bosh vaziriga jinoyat ishi ochildi
Olam
−
13 avgust
3393Bangladeshning hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq bosh vaziri Shayx Hasina va uning ma’muriyatidagi 6 nafar nufuzli shaxsga nisbatan qotillik bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Bu haqda “ETV Bharat” xabar berdi.
Ushbu jinoyat ishi Bangladeshda joriy yilning iyul oyidagi tartibsizliklar chog‘ida politsiya bir odamni o‘ldirgani uchun ochilgan hamda hozirda mamlakatdan chiqib ketmagan amaldorlar bilan tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Shayx Hasina va yana olti kishiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi”, degan fuqaro nomidan ishni olib borayotgan advokat Mamun Mia.
Qayd etilishicha, bu Bangladesh qonunchiligi bo‘yicha jinoiy tergovning birinchi bosqichidir. Mianing sudga bergan arizasida, shuningdek, Hasinaning sobiq ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xon va Hasinaning “Avami Ligasi” partiyasi Bosh kotibi Obaydul Kader ham aybdorlar qatorida ko‘rsatilgan.
Hujjatda, shuningdek, Hasina hukumati tomonidan tayinlangan, lavozimidan ozod etilgan to‘rt nafar yuqori darajadagi politsiya zobitlari nomi ham keltirilgan. Ishda jami 7 kishi joriy yilning 19 iyul kuni norozilik namoyishlarini zo‘ravonlik bilan bostirish vaqtida politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan oziq-ovqat do‘koni egasining o‘limi uchun javobgarlikda ayblanmoqda.
“The Daily Star” gazetasining xabar berishicha, ish otishma sodir bo‘lgan mahallada yashovchi va jabrlanuvchining yaqini Amir Hamza Shotil nomidan qo‘zg‘atilgan. Hasina hukumati inson huquqlarini keng miqyosda buzish, jumladan minglab siyosiy raqiblarni sudsiz o‘ldirishda ayblangan.
Mahalliy OAVning yozishicha, Nobel mukofoti laureati Muhammad Yunus Hasina hokimiyatining chetlatilganidan uch kun o‘tib Yevropadan qaytgan va vaqtinchalik ma’muriyatga rahbarlik qila boshlagan. 84 yoshli Yunus 2006 yilda tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan va millionlab bangladeshliklarga qashshoqlikdan xalos bo‘lishga yordam bergan.
Eslatib o‘tamiz, Bangladeshning sobiq bosh vaziri Hasina iste’foga chiqqach, yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan keng ko‘lamli namoyishlar fonida harbiy vertolyotda Hindistonga chiqib ketgandi. Bosh vazir qochib ketgach Bangladesh parlamenti tarqatib yuborildi. Bangladesh armiyasi boshlig‘i general Vaqer uz-Zamon esa mamlakatda muvaqqat hukumat tuzilishini ma’lum qildi. Keyinchalik Shayx Hasina o‘z lavozimidan chetlatilishi ortida AQSH turganini, chunki u Vashingtonga Bengal ko‘rfazi ustidan ta’sir ko‘rsatishiga imkon beruvchi Sent-Martin orolini topshirishdan bosh tortganini aytdi. Oq uy esa bu ayblovni rad etdi.
LiveBarchasi