Qashqadaryo va Surxondaryoda jinoyatni yashirishga uringan mansabdorlar pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
09 Sentabr
11633Qashqadaryoda noqonuniy ravishda qum qazib olish holatini, Surxondaryo viloyatida esa qurilish ishlari bo‘yicha jinoyatni oshkor qilmaslik uchun pora olgan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasining Qashqadaryo viloyati bo‘linmasi mansabdor xodimi Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan maxsus texnikalar yordamida “Qashqadaryo” daryosi atrofidan noqonuniy ravishda qum qazib olayotganlik holatini aniqlagan. Mansabdor unga nisbatan chora ko‘rmaslik va ushbu noqonuniy holat yuzasidan jarima maydonchasiga joylashtirilgan ekskavator-yuklagich texnikasini chiqarib berish, shuningdek, kelgusida qum qazib olishda rahnamolik qilish evaziga 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Surxondaryo viloyatidagi holatda esa qurilish ob’ektlarida nazorat-o‘lchov faoliyatini amalga oshiruvchi MCHJning yetakchi mutaxassisi, Jizzax viloyatida qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan joriy yilning may oyida prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida, ushbu MCHJ tomonidan Yangiobod tumanida amalga oshirilgan qurilish ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat o‘lchovida aniqlangan qo‘shib yozish holatlarini tekshiruv xulosasida ko‘rsatmaslikni va’da qilgan. Tanishlari orqali tergov jarayonlarida yengillik yaratib berish evaziga undan 400 million so‘m talab qilgan va pulning 150 million so‘mini olgan vaqtida ushlandi.
Holat bo‘yicha unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari hamda 28,211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Jizzax viloyatlarida hokim yordamchilari pora bilan ushlangandi.
LiveBarchasi