Suvga chiqindi tashlagan korxonalarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
25 Sentabr
1751Suvga axlat tashlagan korxonalarga prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanali mintaqasi o‘rganilganda, suv havzasiga sanoat va maishiy chiqindilar tashlash, sanitariya-muhofaza zonalariga o‘zboshimchalik bilan qurilmalar qurish kabi ko‘plab qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlangan.
Mazkur holatlarni bartaraf etish maqsadida idoralararo ishchi guruhi shakllantirilib, maxsus texnikalar jalb qilingan holda suv havzasini chiqindilardan tozalash va noqonuniy qurilmalarni buzish choralari ko‘rildi.
Shuningdek, Toshkent shahridan chiqayotgan oqova suvlarni tozalovchi Bo‘zsuv to‘yintirish inshootlariga sanoat chiqindilari bilan ifloslangan suvlarni tashlayotgan korxonalar xatlovdan o‘tkazilib, sanoat oqova tashlamalari tarkibi laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazildi.
Tekshirish natijasiga ko‘ra, kanalga tashlanayotgan oqova suvlardagi moddalar konsentratsiyasi belgilangan me’yorlardan oshib ketib, tabiatga zarar yetkazilgan holati yuzasidan aybdorlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bo‘zsuv kanaliga axlat tashlagan Toshkent shahar Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul xodimi jarimaga tortilgandi.
LiveBarchasi