Musayevga yangi kursi, Turdimovga yangi vazirlik, Abdullayevga yangi ishonch, qidiruvdagi Olimovning yangi mashmashalari – Hafta tahlili

Tahlil

−

Reklama
0:00

Odamlarning mushkulidan yoki kasalligidan o‘z jig‘ildoni yo‘lida foydalanadiganlarga nisbatan lug‘atingizdagi qaysi so‘zni ishlatgan bo‘lardingiz? Ayniqsa, dorixonadagi tanqis bo‘lib qolgan dorilarni ustiga 10 ta barmog‘ini og‘ziga tiqib, ustama qo‘yadiganlarni nima deb atash mumkin? Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi naq 9 ta MCHJga qarashli o‘nlab, balki yuzlab dorixonalarda dorilar narxi sun’iy oshirilgani, oshirilganda ham 6 baravarga qimmat sotib kelinayotganini aniqladi. Masalan, “SHUNQORLAR” MCHJga qarashli dorixonada “POLIMIK” vositasi 12 837 so‘m bo‘lsa-da, 5,5 barobar qimmat, ya’ni 70 000 so‘m narx qo‘yilgani, “KONVULEKS” dori vositasi sotish uchun ruxsat etilgan narxi 66 481 so‘m bo‘lsa-da, 6 barobar qimmatga, ya’ni 395 000 so‘mdan, “MUNO FARM” MCHJga qarashli dorixonada “STIMULOTON” tabletkasi sotish uchun ruxsat etilgan narxi 50 666 so‘m bo‘lsa-da, 6 barobar qimmatga, ya’ni 295 000 so‘mdan sotilayotgani aniqlangan. Shuningdek, “CITY FARM”, “HOSIL FARM”, “AMIR FARM TRADE”, “FERUZA NUR MED”, “LEADER PHARMGROUP”, “PHARM S GOLDEN” va “RUSLAN BUYUK FARM” MCHJga qarashli dorixonalarda ham ayrim dorilarning narxi asossiz bir necha baravarga oshirilgani aniqlangan. Ushbu holat ortidan litsenziya talablari bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish uchun vakolatli organlarga so‘rov yuborilgan.  

O‘zbekistonda isitish mavsumida gazlashmagan hamda gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yor 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatga oshirilyapti. Tugayotgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi va ma’qulladi.

Taqdimotda elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasi ham muhokama qilingan. Ijtimoiy reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplashda oilaning har bir a’zosiga qo‘llaniladigan daromad mezonini 1 million 430 ming so‘mgacha oshirish taklifi ko‘rib chiqilgan. Natijada qo‘llab-quvvatlash qamrovi yana 166 ming oilaga kengayishi aytilmoqda. 

Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’mol xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028 yil 1 aprelgacha uzaytirilyapti. Bu chora bilan bir yilda 470 ming oilani qamrab olish nazarda tutilmoqda. Sharoiti og‘ir mahallalardagi 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash va energiya tejovchi uskunalar bilan ta’minlash ishlari ham davom ettiriladi. 

Prezident Hukumatga belgilangan yordam uchun mablag‘larni o‘z vaqtida yo‘naltirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda manzillilikni ta’minlash va yordam har bir oilaga yetib borishi ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirgan. 

Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha to‘xtatishni taklif etdi. Bu o‘zbekistonliklar Latviyada jinoyatlar, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoiy harakatlar sodir etayotgani bilan bog‘liq.  

IIV rejasiga ko‘ra, ehtimoliy cheklov davridan O‘zbekiston tomoni bilan ma’lumot almashishni yo‘lga qo‘yish va Latviyaga tashrif buyurish niyatida bo‘lgan fuqarolarni tekshirishni kuchaytirish uchun foydalanish ko‘zda tutilgan.  

Taklif Latviya hukumatining migratsiya nazoratini kuchaytirish bo‘yicha kengroq siyosati fonida ko‘rib chiqilmoqda.  

Latviyaning o‘zbekistonliklarga viza cheklovlarini kiritish haqidagi taklifi yangrashi fonida O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi tomonidan Latviya Bosh vaziri ofisi rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari, shuningdek, Prezident Administratsiyasi vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilgan.  

Muzokaralar davomida Latviya tomoniga taklif etilayotgan choralarning ikki tomonlama munosabatlarga ehtimoliy ta’siri yuzasidan O‘zbekistonning pozitsiyasi yetkazilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ilgari surgan. 

Shuningdek, Misr ham o‘zbekistonliklarga nisbatan viza talablarini kuchaytirmoqda. 1 noyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Misrga safar qilishdan oldin kirish vizasini Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali oldindan olishlari shart. Shuningdek, turistik safarlar vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etiladi. 

Yoshga oid talablar va moliyaviy kafolatlar ham o‘zgarmoqda. Xususan, 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari (ota-ona, er-xotin yoki farzandlari) hamrohligida safar qilishi mumkin. Bunda oila tasarrufida safar davomida kamida 5000 AQSH dollari miqdorida naqd mablag‘ mavjud bo‘lishi talab etiladi. 

Shuningdek, 40 yoshdan yuqori bo‘lgan mustaqil sayohat qiluvchilar kamida 3000 AQSH dollari miqdorida naqd moliyaviy mablag‘ga ega bo‘lishi kerak.  

Mamlakatga kirishda mehmonxona bron qilinganligini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa ma’lumotlari, yetarli moliyaviy ta’minot tasdig‘i taqdim etilishi kerak.

Misr hududida bo‘lish davomida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish bo‘yicha murojaatlar qabul qilinmaydi. Shuningdek, zarur hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan shaxslar mamlakatga kiritilmasligi va ularni olib kelgan aviakompaniya orqali qaytarilishi mumkin. 

O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi fuqarolardan Misrga safarlarni rejalashtirishda ushbu ma’lumotlarni inobatga olishlarini so‘ramoqda. 

Aytish o‘rinliki, 15 sentyabrdan boshlab Tailand qirolligi ham o‘zbekistonliklarga amalda bo‘lgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qildi. Hozirda o‘zbekistonliklar ushbu mamlakatga borishni istasa, Tailand Qirolligining rasmiy elektron viza portali orqali elektron viza anketasini to‘ldirib, kirish vizasini olishlari kerak. Elektron viza anketasi to‘ldirilgandan so‘ng, viza uchun to‘lovni amalga oshirish uchun fuqaro Tailand Qirolligining Rossiya Federatsiyasidagi Moskva shahrida joylashgan elchixonasiga shaxsan borishi kerak.  

Saudiya Arabistoniga, ayniqsa, Umra ziyoratiga otlanayotganlar, diqqat qiling! Tugayotgan haftada O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi fuqarolarni aviaqatnovlar jadvalidagi ehtimoliy o‘zgarishlarni hisobga olishga hamda ehtiyotkorlik choralari, tinchlik va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Bu Saudiya Arabistoni va Yamandagi husiylar o‘rtasidagi aloqalar hamda xavfsizlik manzarasi siyosiy muzokaralar to‘xtashi va chegaradosh hududlarda keskinlik ortishi bilan bog‘liq.  

“Mintaqada saqlanib qolayotgan keskinlik hamda havo qatnovlari faoliyatida davriy ravishda yuzaga kelayotgan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, xorijiy davlatlarga safarlarni rejalashtirishda aviareyslar jadvali, parvoz yo‘nalishlari va tranzit qoidalariga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni hisobga olish so‘raladi”, deyiladi bayonotda. 

Saudiya Arabistoni hududida ichki vaziyat barqarorligicha qolmoqda, jamoat xavfsizligiga tahdidlar yoki maxsus cheklov choralari qayd etilmagan. 

Shu bilan birga, umumiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, parvozlar logistikasi, tranzit yo‘nalishlari va kutish vaqtlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar safar shartlari va uning davomiyligiga ta’sir ko‘rsatishi, jumladan, parvozlarning kechikishi, majburiy ravishda boshqa reysga o‘tkazilishi yoki parvoz yo‘nalishining o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. 

“Saudiya Arabistoni va Yaman o‘rtasidagi chegara hududlariga yaqinlashmaslik, xavfsizlik masalalari bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlarining ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilish, harbiy ob’ektlar, turli hodisalar oqibatlarini tasvirga olmaslik, tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik, rasmiy axborot manbalaridan foydalanish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo olib yurish tavsiya etiladi. Zarur hollarda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonalari bilan bog‘lanish so‘raladi”, deyiladi elchixona bayonotida.  

Jinsiy quvvatni oshiruvchi dori, marmar go‘sht, butun oilaga qimmatbaho Koreya kosmetikalari, 150 ming dollarlik tyuning qilingan mashina. Bu Migratsiya agentligining sobiq direktori Behzod Musayev nomiga bir vaqtlar o‘zining xodimi bo‘lib ishlagan Aziz Toshtemirov tomonidan yopishtirilgan tamg‘alar.

Ular hech biri isbotini topgani yo‘q, ammo rad ham etilmadi, isbot topilishi uchun qandaydir tekshiruv o‘tkazilganidan ham xabarimiz yo‘q. Sentyabr boshida Migratsiya agentligi direktori lavozimidan iste’foga chiqarilgan Behzod Musayev esa “Vatandoshlar” fondi direktorligiga tayinlangani haqida xabarlar tarqalgandi-yu, lekin hali rasman tasdiqlanmagandi. Hozirgacha ham Musayevga doir tayinlov, uning yangi lavozimi haqida hech joyda miq etilmadi, rasmiylar jim. Biroq Behzod Musayev haqidagi ma’lumotlar “Vatandoshlar” fondining saytida rahbariyat bo‘limida paydo bo‘ldi va endi u fondning direktori. Bungacha Fondni boshqarib kelgan Odiljon Sattorov esa Musayevga o‘rinbosar bo‘ldi.  

Behzod Musayev avval faoliyat yuritgan Migratsiya agentligi va uning Koreyadagi vakolatxonasi sobiq rahbari Aziz Toshtemirov tevaragidagi voqealar hali tin olgani yo‘q. Aziz Toshtemirov bir necha jinoyatlarda gumonlanib, joriy yilning may oyida Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan edi. Shundan keyin u ijtimoiy tarmoqlarda “Koreya 24” nomli kanal ochib, u yerda agentlik direktori Behzod Musayevga qator ayblovlarni yog‘dirdi. Toshtemirovning iddao qilishi va o‘z ayblovlariga audioyozuvlar, yozishmalar skrinshotlarini ilova qilishicha, Musayev u Koreyada ishlayotgan vaqtida undan jinsiy quvvatni oshiruvchi dori, marmar go‘sht, butun oilaga qimmatbaho Koreya kosmetikalari, 150 ming dollarlik tyuning qilingan mashina yuborishni so‘ragan. Musayevning o‘zi bu ayblovlarga munosabat bildirgani yo‘q, Migratsiya agentligi esa holat bo‘yicha tekshiruv ketayotganini ma’lum qildi, biroq tekshiruv natijalari ochiqlangani yo‘q. Boshqa tashkilotlar, xususan, prokuratura yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Toshtemirovning ayblovlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazgan-o‘tkazmagani ma’lum emas.  

Joriy yilning may oyida Bosh prokuratura Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Tashqi mehnat migratsiyasi va xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdor shaxslari tomonidan tashkil etilgan korrupsion “sxema” fosh etilganini ochiqlagandi. Unda aytilishicha, Koreyaga ishga yuborish uchun jinoiy guruh tomonidan rasmiy to‘lovlardan tashqari firibgarlik yo‘li bilan 7–12 ming AQSH dollaridan qariyb 90 mln AQSH dollari yig‘ilgan. Mazkur ish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining 4 nafar sobiq mulozimiga nisbatan ham ayblovlar e’lon qilingan. Shu yilning 29 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida DXX sobiq mulozimlari Ganchar Uzoqov, Alijon Ashurov, Timur Shariksiyev va Suxrob Sayfutdinovga Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi “a” va “b” bandlari, 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 301-moddasi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini yopiq sud majlisida ko‘rib chiqish boshlangan. Hozirda sud tafsilotlari jamoatchilikka ma’lum emas.  

Jamoatchilik orasida hokim o‘laroq alohida e’tirof va hurmatga sazovor bo‘lgan Erkinjon Turdimovni yaxshi taniysiz. U bugungacha Navoiy, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarini boshqardi va yaxshi boshqardi. Odamlar undan minnatdor. Bugungacha o‘zining tarbiyasi, qabul qilgan qarorlari, ilmi bilan hech yerda, agar ta’bir joiz bo‘lsa, qovun tushirmadi. Xalq uni haqiqatan yaxshi ko‘rdi. Bir siyosatchi haqida jurnalist aytishi kerak bo‘lmagan gaplarni aytayotgandirman, balki. Lekin Turdimov haqida odamlardan eshitganimiz – shu.  

O‘tgan hafta Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etilgach, tashkilot rahbarligiga nomzodlar ko‘rib chiqilayotgani va ular orasida Turdimov nomi ham borligi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Faollar orasida aynan Erkinjon Turdimovni ta’lim, ilm jonkuyari sifatida baholaganlar ko‘p bo‘ldi.  

Nihoyat, tugayotgan haftada yangi vazirlikka rahbar tayinlandi. Erkinjon Turdimov nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasida Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil qilindi. 

Yangi vazirlik oldiga maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlar va ilmiy faoliyat o‘rtasida uzviylikni ta’minlash, tizimni yagona yondashuv asosida boshqarish vazifasi qo‘yildi. Ushbu yo‘nalish ijrosini nazorat qilish va tashkil etish Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligini boshqargan Qo‘ng‘irotboy Sharipov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektorligiga qaytdi. Bu lavozim unga begona emas, Sharipov 2019–2024 yillarda aynan ushbu universitetga rahbarlik qilgan.  

Bor-yo‘g‘i 430 kun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini boshqargan E’zozaxon Karimova esa Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshladi. Ammo uning iste’fosi sentyabr oyi oxirida jamoatchilikning katta e’tiroziga sabab bo‘lgan Namangandagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ombor mudiri bo‘lgan shaxs 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani bilan bog‘liq mudhish voqea bilan yodda qoldi.  

Ichki ishlar vazirligi tizimidagi xaridlarda 186 milliard so‘mni talon-toroj qilganlikda ayblangan sobiq vazir o‘rinbosari general-mayor Bekmurod Abdullayev va boshqalarga nisbatan qo‘yilgan ayblov o‘z tasdig‘ini topmagan va ular oqlangan. Rasmiylar bu haqda birinchi marta so‘z ochdi. Gap shundaki, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov tugayotgan haftada vazirlik faoliyatining 9 oylik yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Abdullayevning aybi tasdiqlanmaganiga aniqlik kiritgan.  

Ramazon Ashrapov nazarda tutgan boshqalar orasida Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan Rustam Tursunov ham bor va unga qo‘yilgan ayblovlar ham o‘z tasdig‘ini topmagan.  

Gap shundaki, Abdullayev va Tursunov 2025 yilning noyabr oyida lavozimidan ozod etilgandi. 2026 yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlari doirasida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, vazir o‘rinbosari qamoqqa olingani aytilgandi. 

Joriy yilning 29 iyul kuni Bekmurod Abdullayev, Rustam Tursunov va yana 28 kishiga oid jinoyat ishini sudda ko‘rish boshlandi. Shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjudligi sababli mahkama yopiq bo‘lib o‘tdi. Sentyabr oyi o‘rtalariga kelib, Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov oqlangani haqida xabarlar tarqaldi, biroq tasdiqlanmadi. 24 sentyabr kuni Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan general-mayor Bekmurod Abdullayev Chilonzor tumani IIO FMB boshlig‘i lavozimiga tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Rustam Tursunov tizimga qaytgan-qaytmagani haqida esa aniq ma’lumotlar mavjud emas.  

YouTube’dagi “Sirojiddin Media” kanali muallifi – bloger Sirojiddin Odilov 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining 5 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Sirojiddin Odilov bir nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) va ikki nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” va “v” bandlari (xizmat mavqeidan foydalangan holda takroran firibgarlik) bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sud muhokamasi davomida Sirojiddin Odilov 3 nafar shaxsdan 75 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani to‘liq isbotlangan va Odilov tomonidan yetkazilgan zarar qoplangan. 

Shuningdek, shu hafta Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimovning appelyatsiya ishi bo‘yicha sud jarayoni o‘z yakuniga yetdi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a” bandi bilan birinchi instansiya tomonidan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi aslicha qoldirildi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 59–61-moddalariga asosan tayinlangan har xil turdagi jazolarni to‘liq qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida, ya’ni 136 million so‘m jarima jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 61-moddasiga asosan tayinlangan jazolar alohida-alohida ijro etilishi belgilandi. 

Jizzax viloyatida erkak 10 yashar bolani 2 oy davomida zo‘rlab kelgani aniqlandi. Uning harakatlari fosh bo‘lgach, erkak o‘z joniga qasd qildi.  

2 oktyabr kuni jabrlanuvchi bolaning onasining arizasiga asosan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

3 oktyabr kuni sud ajrimiga asosan ayblanuvchiga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Olib borilgan tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ayblanuvchining murdasi 4 oktyabr kuni o‘zi yashagan xonadonda arqonga osilgan holda topilgan. 

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Jizzax shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan keys ochilib, bola birlamchi baholashdan o‘tkazilgan va unga psixologik xizmat ko‘rsatish tashkil etilgan. 

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi texnikumda esa 37 yoshli master 16 yashar o‘quvchi qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qildi. 6 oktyabr kuni sudda mazkur ish ko‘rib chiqilib, texnikum o‘qituvchisi aybiga iqror bo‘lmagan. Sud qarori bilan o‘qituvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topilgan. Unga ushbu modda bilan 5 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlandi va lavozimdan ozod qilindi.  

O‘zbekiston so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan “Anorbank” boshqaruvi aksiyadori, Kuzatuv kengashi a’zosi Qahramonjon Olimov bank Kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza berdi. Bu haqda bank matbuot xizmati axborot tarqatdi. Biroq Olimov bankka arizani qay yo‘sinda bergani, u bilan qanday qilib aloqa o‘rnatilgani ma’lum emas. Holbuki, Qahramonjon Olimov hamon Interpol qidirayotgan shaxslar ro‘yxatida turibdi.  

Qayd etilishicha, “Anorbank” reytingning avval pasayishiga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rgan. Qahramonjon Olimov 2 oktyabr kuni Kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza bergan. Uning arizasi 28 oktyabr kuni aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqilishi aytilmoqda.  

“Bank odatdagi rejimda faoliyat yuritishda, mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarishda va barcha asosiy bank xizmatlarining ishlashini ta’minlashda davom etmoqda. “Anorbank” kapitalni mustahkamlash bo‘yicha e’lon qilingan rejani izchil amalga oshirmoqda va uning asosiy bosqichlari bo‘yicha bozorni xabardor qilib boradi”, deyiladi xabarda.

O‘tgan oy “The Insider” nashri o‘z manbalariga tayanib, Qahramonjon Olimov bir yil avval o‘zining o‘g‘irlab ketilishi bilan bog‘liq voqeani uyushtirgani uchun xalqaro qidiruvga berilgani haqida yozgandi.  

Unda aytilishicha, Olimov sobiq ish beruvchisi va iqtisodiy nizodagi raqibi Botir Rahimovni jinoyat tashkilotchisi sifatida ko‘rsatish uchun Fransiyada o‘zini o‘g‘irlashlarini sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin. 2025 yilning noyabr oyida “The Insider” va Fransiyaning “L’Express” nashrlari Olimov taqdim etgan talqinda ko‘plab ziddiyatlar va soxtalashtirish alomatlarini aniqlagan. Xususan, go‘yoki ozod qilinganidan so‘ng bankir o‘zini o‘g‘irlagan shaxs deb atagan odam bilan do‘stona yozishgan, so‘ngra qo‘lga olinishining oldini olish uchun uni politsiya haqida ogohlantirib, “uzoqroq yurishni” so‘ragan. 

Nashrning yozishicha, endilikda Olimov Rahimovni o‘zini o‘g‘irlashda ayblab, unga tuhmat qilganlikda, so‘ng O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari yordamida Rahimovni jinoiy ta’qib qilish tahdidi ostida moliyaviy da’volardan voz kechishga majburlash uchun uning o‘zini o‘g‘irlashni tashkil etganlikda ayblanmoqda. Ammo xalqaro matbuotda yangragan bu iddaolar rasman tasdiqlanmagan, Olimov nimada ayblanayotgani haqida ham rasmiy bildirishlar e’lon qilinmadi.  

Qoraqalpog‘istonlik uch yigit naq 250 kishining plastik kartalaridagi 3 milliard so‘mga yaqin pulini yechib oldi.  

Gap shundaki, Nukus shahrida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan, avval o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan fuqaroning telefonini tekshirish davomida Telegram messenjeridagi yopiq kanallardan birida xorijlik foydalanuvchilar bilan yozishmalari aniqlangan. 

U 2025 yil 1 avgustdan boshlab Telegram’dagi “Tom” va “Mel” nomli akkaunt egalari bilan hamkorlik qilgan. Ular fuqarolarning bank kartalari ma’lumotlari va SMS tasdiqlash kodlarini qo‘lga kiritish orqali hisoblaridagi pullarni yechib olish bilan shug‘ullangan. 

Jinoyat sxemasiga ko‘ra, xorijlik sheriklar fuqarolarga APK formatidagi zararli fayllarni tarqatgan. Ushbu fayllarni yuklab olganlarning bank kartalariga oid ma’lumotlar va hisoblaridagi mablag‘lar haqidagi axborot jinoyatchilarga borib tushgan. Shundan so‘ng yigit olingan ma’lumotlar yordamida operatsiyalarni amalga oshirib, pullarni sheriklari bergan boshqa kartalarga o‘tkazgan. 

Uning aytishicha, kartalardan o‘g‘irlangan mablag‘larning 15 foizi USDT kriptovalyutasi ko‘rinishida o‘ziga berilgan. U ba’zi kunlarda 2–3 mln so‘mgacha daromad topgan. Tergov davomida yigit verifikatsiyadan o‘tkazish uchun odam topishda qiynalgach, o‘ziga yana ikki nafar sherik yollagani aniqlangan.

Jumladan, 2004 yilda tug‘ilgan, ilgari sudlanmagan sherigi odamlarni oz miqdordagi pul evaziga verifikatsiyadan o‘tkazib, ularning nomidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan. U o‘z ko‘rsatmasida 2025 yil dekabr oyi boshida tanishi ish taklif qilganini, vazifasi verifikatsiyadan o‘tadigan odamlarni topish va ularga tegishli ma’lumotlarni tizimga kiritishdan iborat bo‘lganini bildirgan. Buning evaziga u o‘tkazilgan mablag‘larning 5 foizini olgan, verifikatsiyadan o‘tgan fuqarolarga esa 50–100 ming so‘mdan bergan. 

Guruhning yana bir a’zosi esa moddiy manfaat evaziga boshqa shaxslarni mobil to‘lov ilovalarida verifikatsiyadan o‘tkazish, ularning nomiga virtual bank kartalari ochish hamda boshqa moliyaviy xizmatlardan foydalanish uchun zarur ma’lumotlarni tayyorlash bilan shug‘ullangan. Buning uchun u fuqarolarga 100–200 ming so‘m miqdorida haq to‘lagan. 

Ayrim ishtirokchilar jinoyat ekanini anglab, bu faoliyatni to‘xtatmoqchi bo‘lganida, ularga bosim o‘tkazilgan. Ulardan birining aytishicha, jinoyatni davom ettirishga majburlash maqsadida uning shaxsiy suratlari va ma’lumotlarini tarqatish, uyiga odam yuborish bilan tahdid qilingan. 

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari yakunlanib, ish hujjatlari jazo tayinlash masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. 

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda shu kabi jinoyatlarni sodir etgan yana 8 ta guruh aniqlanib, ularning a’zolari qo‘lga olingan. Hozirda ular yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu guruhlarning 7 tasi Qoraqalpog‘istonda yashovchi yoshlardan, bittasi esa boshqa viloyat vakillaridan tashkil topgan. 

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapovning shu hafta mamlakat fuqarolariga yo‘llagan murojaatida aytilishicha, bugungi kunda sodir etilayotgan deyarli har ikkita jinoyatning bittasi axborot texnologiyalari orqali amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekistondagi kiberjinoyatlarning 90 foizi aynan chet davlatlardan va transchegaraviy xususiyatga ega.  
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing