Jazirama sabab ayrim hududlarda elektr 2 soatga uziladi

Jamiyat

image

Kecha, 16 iyul kuni O‘zbekiston yagona energetika tizimida yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291 mln kilovatt-soatni tashkil etib, tarixiy rekord qayd etildi. Elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan o‘ta yuqori yuklama sabab ayrim hududlarda elektr ta’minoti 2 soatgacha vaqtincha cheklandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan anomal issiq havo elektr energiyasi iste’molining keskin ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, 2026 yil 16 iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 295,4 mln kilovatt-soatni tashkil etib, yangi rekord o‘rnatildi. Bu 15 iyulda qayd etilgan 291,4 mln kilovatt-soatlik ko‘rsatkichdan 4 mln kilovatt-soatga yoki 1,37 foizga yuqori.

Ma’lum qilinishicha, anomal issiq tufayli ochiq havoda joylashgan elektr uzatish tarmoqlari va uskunalari me’yoriy ish haroratidan ancha yuqori darajada qizimoqda. Ayniqsa, kunduzgi vaqtlarda minglab konditsionerlar, muzlatkichlar, sovitish uskunalari hamda boshqa elektr jihozlarining bir vaqtda ishlashi tarmoqlardagi yuklamani yanada oshirib, uskunalarning ishdan chiqishi yoki avariyalar yuzaga kelishi xavfini kuchaytirmoqda.

Shunday vaziyatlarda energotizimda yirik nosozliklarning oldini olish maqsadida dispetcherlik xizmatlari elektr uzatish tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish choralarini ko‘radi.

Jumladan, ayrim tarmoqlarda yuklama kritik darajaga yaqinlashganda uskunalarni himoya qilish uchun hududlar qisqa muddatga elektr ta’minotidan uzib turilishi mumkin. Bu elektr qurilmalarining ishdan chiqishi, yonib ketishi va kunlab davom etadigan yirik avariyalarning oldini olish uchun zarur chora ekani qayd etilgan.

Shuningdek, elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni tezkor bartaraf etish maqsadida hududlarda tunu kun ishlaydigan maxsus avariya brigadalari tashkil etilgan.

Ma’lum qilinishicha, ayrim hududlardagi elektr uzatish tarmoqlarida o‘ta yuklama yuzaga kelishining oldini olish maqsadida 2 soatlik majburiy cheklov joriy etilgan.

Xususan:

  • Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala va Chiroqchi tumanlaridagi 1 750 ta iste’molchi;
  • Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Zomin tumanlaridagi 1 200 ta iste’molchi;
  • Xorazm viloyatining Shovot, Gurlan va Qo‘shko‘pir tumanlaridagi 1 300 ta iste’molchi;
  • Toshkent viloyatining Toshkent va Zangiota tumanlaridagi 1 000 ta iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotidan uzilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet joriy yilning 18–20 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishda davom etishi haqida ogohlantirish bilan chiqqan edi. Shuningdek, O‘zbekistonda dam olish kunlari havo harorati 48 darajagacha ko‘tarilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing