Jazirama sabab 10:00–17:00 oralig‘ida ochiq havodagi ayrim ishlar to‘xtatiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda anomal issiq sabab soat 10:00 dan 17:00 gacha ochiq havoda xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlar vaqtincha to‘xtatilishi hamda moslashuvchan ish rejimi joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan barcha hokimliklarga yuborilgan ko‘rsatmada ma’lum qilindi.

Unda qayd etilishicha, mazkur choralar anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida belgilangan.

Shuningdek, ish beruvchilarga xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, quyosh nurlari va yuqori haroratdan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga jalb qilmaslik vazifasi yuklatilgan.

Bundan tashqari, ish beruvchilardan xodimlarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash, mehnat va dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish hamda yuqori harorat ta’sirida sog‘lig‘i yomonlashganlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish talab etilgan.

Davlat mehnat inspeksiyasi ko‘rsatmalar ijrosi nazorat qilinishini, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar esa qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kuzatilayotgan issiq ob-havo munosabati bilan ish beruvchilarga ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiy choralar e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing