Netflix tarixidagi eng yirik qisqartirish: mingga yaqin xodim ishidan ayriladi
Olam
−
15 Oktyabr 1302 2 daqiqa
Netflix kompaniyasi xodimlarining qariyb 6 foizini ishdan bo‘shatishga qaror qildi. Bu kompaniya tarixidagi eng yirik qisqartirish bo‘lib, mingga yaqin ish o‘rni yo‘q qilinadi. Bu haqda “Variety” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, qisqartirishlar, asosan, kompaniyaning mahsulot, texnologiya, yuridik va kadrlar bilan ishlash bo‘limlariga ta’sir qiladi. Netflix hamraislari Ted Sarandos va Greg Piters xodimlarga yo‘llagan maktubida bunday qarorlar oson bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning asosiy vazifasi dunyo bo‘ylab tomoshabinlarni ko‘ngilochar kontent bilan ta’minlash bo‘lib, buning uchun mavjud xodimlar va resurslardan samarali foydalanish zarur. Rahbariyat qisqartirishga qaramay, xizmat sifatini yaxshilash, o‘sish va innovatsiyalarni rivojlantirishga sarmoya kiritishda davom etishini bildirgan.
Netflix rahbariyati kompaniya biznesi barqaror o‘sib borayotganini va joriy yil uchun belgilangan moliyaviy prognozlar bajarilishi kutilayotganini ham qayd etgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yil yakunida Netflix’da qariyb 16 ming nafar to‘liq shtatda ishlovchi xodim bo‘lgan. Kompaniya 2025 yilda 45,2 milliard dollar daromad olgan, sof foydasi esa 11 milliard dollarni tashkil etgan.
Netflix bundan oldin, 2022 yilda ham yirik qisqartirishlar o‘tkazib, taxminan 450 nafar xodimini ishdan bo‘shatgan. O‘shanda kompaniyaning sof obunachilari soni yilning birinchi choragida 200 ming nafarga kamaygan va bu o‘n yildan ortiq vaqt ichida ilk shunday pasayish bo‘lgan.
Kompaniya 2026 yil uchun daromadini 51-51,4 milliard dollar oralig‘ida prognoz qilmoqda. Netflix’ning uchinchi chorak moliyaviy natijalari 20 oktyabr kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiyaning eng yirik banki – DNB sun’iy intellekt va raqamli yechimlardan foydalanishni kengaytirishi ortidan qariyb 400 nafar xodimini ishdan bo‘shatishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi