Jazirama oqibatida zooparkda 3 ta sher nobud bo‘ldi

Olam

image

Yaponiya poytaxtidagi Tama zooparkida kuchli issiq oqibatida 3 urg‘ochi sher nobud bo‘ldi. Mamlakatda rekord darajadagi harorat saqlanib qolayotgan bir paytda yana 3 arslonning ahvoli og‘ir ekani ma’lum qilindi. Bu haqda BBC xabar qildi.

Hayvonot bog‘i ma’lumotiga ko‘ra, bir hafta ichida 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan uch urg‘ochi sher o‘lgan. Dastlabki ekspertiza ular kuchli suvsizlanish va ko‘p a’zolar yetishmovchiligidan aziyat chekkanini ko‘rsatgan. Mutaxassislar bu holatga asosiy sabab sifatida yuqori haroratni ko‘rsatmoqda.

Tama zooparki vakili Miva Kosakaning aytishicha, bunday holat avval kuzatilmagan.

“Bu birinchi marta sodir bo‘lmoqda. O‘tgan yili ham issiq bo‘lgan edi, ammo arslonlarimizdan hech biri bunday kasal bo‘lmagan”, degan u.

Zoopark ma’muriyatining ma’lum qilishicha, 3 yoshli Mugi 19 iyul kuni ishtahasini yo‘qotgan, ertasiga esa oyoqqa tura olmay qolgan. Xodimlar uni sovutish, suyuqlik, vitaminlar va dori vositalari bilan davolashga uringan, ammo u 28 iyul kuni nobud bo‘lgan. 31 iyul kuni 11 yoshli Ichigo, 3 avgust kuni esa 15 yoshli Luena ham o‘lgan.

Hozirda yana 3 sher – ikki erkak va bir urg‘ochi – tik tura olmayotgani aytilgan. Ularga suyuqlik, dori vositalari va vitaminlar berilyapti. Shu bilan birga, yana 4 arslonda sog‘ayish alomatlari kuzatilgan, 6 ta sher esa boshidanoq sog‘lom bo‘lgan. Barcha hayvonlar ko‘chma konditsionerlar va sanoat ventilyatorlari o‘rnatilgan maxsus hududga joylashtirilmoqda.

Tokio universiteti veterinariya professori Xideaki Karakining ta’kidlashicha, yuqori namlik arslonlarning tana haroratini pasaytirishini qiyinlashtiradi. Ular odamlar kabi terlamaydi, balki chuqur nafas olish orqali havo yo‘llaridagi namlikni bug‘lantiradi. Namlik yuqori bo‘lganda esa bu mexanizm samarali ishlamaydi. Shuningdek, iyul o‘rtalarida haroratning keskin ko‘tarilishi hayvonlarning issiqqa moslashishiga imkoniyat bermagan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada bu yoz mavsumi davomida issiq urishi sababli 43 mingdan ortiq kishi shifoxonaga yotqizilgan. Hukumat aholini ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirib, ishchilarga rasmiy kiyim o‘rniga yengilroq liboslarda ishlashni tavsiya qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Keniyaning mashhur Amboseli milliy bog‘ida zaharlanish ehtimoli bilan bir oy ichida 15 ta fil halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing