Jarqo‘rg‘onga yangi hokim tayinlandi

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumaniga Ilhom Ochilovich Saparov hokim etib tayinlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritgan.

Sessiyada Jarqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Elmurod Avazov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilingan.

Viloyat rahbari tomonidan Jarqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga Saparov Ilhom Ochilovich nomzodi taklif etilgan. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari tomonidan ma’qullangan.

Ma’lumot uchun, Ilhom Saparov 1975 yilda Termiz tumanida tug‘ilgan. 2002 yilda Termiz davlat universitetining bakalavriat, 2011 yilda magistratura bosqichini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, xalq ta’limi hamda madaniyat boshqarmalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Tayinlovga qadar esa Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 4 mart kuni xalq deputatlari Taxiatosh tuman kengashining navbatdan tashqari 21-sessiyasi bo‘lib o‘tgandi va unda Islombek Murodboyevich Sidiqov ushbu tumanga hokim etib tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ulug'bek Qosimov Jarqo'rg'on Ilhom Ochilovich Saparov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing