10 so‘mlik bilet 25 so‘mga sotilyapti – Surxondaryo hokimi transport tizimini tanqid qildi (video)

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyatdagi jamoat transportlariga doir vaziyatlarni tanqid qilib, chiptalar muammosini ko‘tardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, biletlar sun’iy qimmatlashtirilgan hamda sohada monopoliya mavjud. Bu haqda kecha, 11 avgust kuni viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qosimov viloyat tumanlaridagi obodonlashtirish ishlari bilan tanishgan. Mazkur tanishuvlar davomida viloyat tumanlarining biridagi yig‘ilishda hokim Surxondaryodagi transport tizimiga doir vaziyatni qattiq tanqid ostiga olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat hududidan o‘tgan avtomagistralda ahvol ayanchli holga kelgan.

“Surxondaryo aholisini Toshkent bilan bog‘lovchi M39 yo‘lini hamma mendan yaxshi bilib turibdi. Boysundan o‘tgandan keyin yurib bo‘lmaydi. Taksilarimiz dodlab yuboryapti. Avtobuschilar dodlab yuboryapti. Yuziga qarashga ko‘zimiz qolmadi”, degan Ulug‘bek Qosimov.

Viloyat rahbarining aytishicha, temir yo‘l tizimida ham umuman sharoitlar yaxshi emas. Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti.

“Na sovutish tizimi ishlaydi, na sharoit bor, na chipta bor, na vokzalda sharoit bor. Sariosiyoga Termizdan shaharlararo qatnaydigan poyezdlarda odam tashib bo‘lmaydi”, degan hokim.

Shuningdek, Qosimov Transport prokurorini ham tanqid ostiga olgan. Uning ta’kidlashicha, prokuror bu vaziyatga tomoshabin bo‘lib qolmoqda.

“Ey, og‘ayni, mansabdor odam obro‘ni mehnat bilan oladi. Umuman sharoit yo‘q. Qanday odam tashiyapsan unga? Odam tashiyapsanmi? Pulini olyapsanmi, tekinmi? Nimaga transport prokurori tomoshabin? Nima uchun qonun ustuvorligi ta’minlanmaydi? Nima uchun chora ko‘rilmaydi? Transport boshqarma qayerga qaraydi?”, deya qo‘shimcha qilgan viloyat rahbari.

Shu bilan birga, Ulug‘bek Qosimov aviachiptalarda ikki xil narx borligini aytgan hamda bu jabhada ham choralar vaqtida ko‘rilmayotganini iddao qilgan.

“Monopoliya degan tashkilot tomoshabin. Bu chipta narxini qarab bo‘lmaydi. Umuman tanish-bilishsiz bilet topib bo‘lmaydi”, degan hokim.

Qosimov bir hafta ichida shaharlararo va Toshkentga qatnaydigan poyezdlarni to‘liq jihozlash hamda barcha talab qilingan sharoitlarni tashkil etish topshirig‘ini bergan. Shuningdek, chiptalarni ham viloyat Monopoliyaga qarshi kurashish tashkiloti tomonidan to‘liq tahlil qilish, kompaniya qancha miqdorda odamlarga ustama qo‘yayotganini hisob-kitob qilish kerakligi aytilgan.

“Nafas olib bo‘lmaydi vagonlarning ichida. Prokuror chiqadimi uning ichiga? Yuragi ko‘taradimi? Tushunmayapti. Operativ xodimlar qayerga qarayapti? Buni “SES” degan tashkiloti bormi o‘zini? Qayerga qaraydi ular?”, degan hokim.

Qosimov kelasi hafta ertalab vokzalga borishini, vagonlarni birma-bir tekshirishini, Toshkentga ketadigan tarkibni ham to‘liq ko‘rishini bildirgan. Shuningdek, hokim vokzallardagi xizmat ko‘rsatish sifati qoniqarsiz ekanini aytgan.

“Bepul ketyaptimi birorta odam? Pulgami? Chipta sotib olyaptimi? Ey, xizmat qilish kerak unga. Qaysi davlatga borsang, qo‘li ko‘ksida olib chiqib qo‘yadi vagonni. Chiroyli gapirib. Bu yerda kelasanmi, ketasanmi, kimsan, degan savolga xo‘mrayib javob berasizlar”, deb aytgan viloyat rahbari.

Bundan tashqari, hokim monopoliyani to‘liq yo‘q qilib, chipta narxlarini barqarorlashtirish kerakligini aytgan.

“Odamlarga onlayn, shaffof e’lon qilish kerak. Ikkita kassir xohlagan ishini qilishi kerak emas. Tanishi bor bilet topishi kerak emas. 10 so‘mlik biletni 25 so‘mga sotyapti. Aldab, sun’iy to‘siqlar bilan”, degan Ulug‘bek Qosimov.

Viloyat hokimi bir hafta ichida hammasini bayramona qilib bezatish topshirig‘ini bergan. Uning ta’kidlashicha, vagonlardagi sharoitlar odamlar rahmat aytadigan darajada bo‘lishi lozim.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing