JAR Prezidentining qo‘riqchilari o‘tirgan samolyot Polshada to‘xtatildi
Olam
−
17 iyun 2023 14709 1 daqiqa
Joriy yilning 15 iyun kuni Varshava aeroportida Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosaning xavfsizlik xizmati xodimlari bo‘lgan samolyot to‘xtatildi. Ushbu chora Polsha tomoni talab qiladigan standart kirish tartib-qoidalariga rioya qilmaslik natijasida qo‘llanilgan. Bu haqda Polsha Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi xabar berdi.
“Samolyot bortida Janubiy Afrika vakillari tomonidan olib kirishga ruxsat berilmagan xavfli materiallar bo‘lgan. Bundan tashqari, samolyot bortida avvalroq Polsha tomoniga xabar berilmagan odamlar bor edi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Polsha Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi JAR Prezidenti Ramafosaning Polshaga tashrifiga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, uch marta maslahat uchrashuvlari o‘tkazilgan, Tashqi ishlar vazirligi vakillari Janubiy Afrika delegatsiyasi hamda Varshavadagi JAR elchixonasining Janubiy Afrika tayyorgarlik guruhi bilan doimiy aloqada bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Ramafosa 15 iyun kuni Polshaga, so‘ng Kiyevga keldi va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Ukrainaga JAR Prezidentidan tashqari, Zambiya, Komor orollari ittifoqi, Senegal va Misr rahbarlari, shuningdek, Kongo Respublikasi va Uganda rahbarlarining maxsus vakillari ham tashrif buyurdi. Ular Kiyevdan keyin Moskvaga borishi kutilmoqda.