Japarovning qizi ommaga ko‘rinish berdi (video)

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning odatda omma e’tiboridan chetda bo‘ladigan qizi Janayim Cho‘lpon-ota shahridagi “Oltin bolalik” lagerida bo‘lib, u yerdagi bolalarni yo‘qladi. Bu haqda “Reporter” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Issiqko‘ldagi “Oltin bolalik” reabilitatsiya markazida Qirg‘izistonning barcha hududlaridan bo‘lgan bolalar hordiq chiqarmoqda. Janayim bolalarga sovg‘alar – futbolka va shortilar tarqatgan. Voqea aynan qachon bo‘lgani noma’lum.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, “Oltin bolalik” bolalar sog‘lomlashtirish majmuasida dam olayotgan bolalarga birinchi xonim Aygul Japarova nomidan ham sovg‘alar topshirilgan.

Keyinroq, Sadir Japarov qizining bolalarga sovg‘alar tarqatayotgani aks etgan video yuzasidan izoh berdi. Qirg‘iziston rahbari “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida ushbu holat piar yoki qizini siyosatga jalb qilish urinishlari bilan bog‘liq emasligini ta’kidlagan. Japarovning so‘zlariga ko‘ra, u farzandlari va yaqinlarini na siyosatga, na davlat ishlariga yaqinlashtiradi.

“Agar shunday urinishlar bo‘lganida, bu allaqachon ma’lum bo‘lgan bo‘lardi”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti.

U qurilishi o‘nlab yillar davomida yakunlanmay kelingan “Oltin bolalik” reabilitatsiya markazi uch yil avval uning topshirig‘iga binoan qurib bitkazilganini eslatib o‘tgan. Hozirda u yerda har yili Qirg‘izistonning turli hududlaridan bolalar, jumladan, kam ta’minlangan oilalar farzandlari dam olmoqda.

Japarovning aytishicha, har yili birinchi xonim Aygul Japarova markazga bolalar uchun sovg‘alar bilan boradi. Bu gal ham u muassasaga tashrif buyurishni rejalashtirgan, biroq er-xotinni qudalari mehmonga taklif qilib qolgan. Japarovning so‘zlariga ko‘ra, birinchi xonim qizi Janayimdan o‘z o‘rniga borib, bolalar uchun tayyorlab qo‘yilgan sovg‘alar – shorti va futbolkalarni topshirishni iltimos qilgan.

Japarov ushbu tadbirni OAVda yoritish rejalashtirilmaganini, biroq u yerda bo‘lganlardan biri jarayonni telefonga suratga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirganini bildirgan.

“Bundan siyosiy masala yasash kerak emas, deb o‘ylayman”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti.

Ma’lumot uchun, Sadir Japarov ko‘p bolali oiladan. Otasining ismi Nurg‘ojo, onasiniki Hadicha bo‘lgan. Japarov o‘z intervyularida ota-onasi qishloqda yashagani va qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangani haqida gapirgan. Ular 11 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Otasi 2017 yil sentyabr oyida 84 yoshida xastalikdan vafot etgan. O‘shanda Jazoni ijro etish davlat xizmati Sadir Japarovga dafn marosimida qatnashishga ruxsat bermagan. 2019 yil mart oyida onasi vafot etgan va bu safar hukumat Japarovga uni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun ruxsat bergan. Japarovning to‘rt nafar farzandi bor – o‘g‘illari Doston, Rustam, Nurdavlat va qizi Janayim. To‘ng‘ich o‘g‘li Doston 2019 yil avgust oyida yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Sadir Japarov yaqinlari, xususan kichik o‘g‘li Nurdavlatning davlat ishi, umuman, siyosat bilan shug‘ullanmasligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing