Japarov va Rahmonni Tokioda o‘zbek aslli mansabdor kutib oldi (video)

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bugun, 18 dekabr kuni Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga binoan “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etish uchun Yaponiyaga yetib bordi. Bu haqda Prezidentlarning matbuot xizmatlari xabar berdi.

Davlat rahbarlarining samolyotlari Tokio shahridagi “Xaneda” xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Aeroportda Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat bayroqlari ilib qo‘yilgan, qizil gilam yozilgan edi.

Prezidentlar Sadir Japarov va Imomali Rahmonni o‘zbek aslli Yaponiya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Eri Arfiya hamda boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif doirasida Prezidentlarning Yaponiya oliy rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Shuningdek, sammit doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasida biznes-forum o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, Eri Arfiya 1988 yil 16 oktyabrda Fukuoka prefekturasining Kitakyusyu shahrida tug‘ilgan. Uning otasi uyg‘ur va onasi o‘zbek millatiga mansub. U Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi vakilasi hisoblanadi. Eri Arfiya Jorjtaundagi Diplomatik xizmat maktabini va Vashingtondagi Oliy diplomatik xizmat maktabini tamomlagan. Ingliz, xitoy, o‘zbek, turk va uyg‘ur tillarida erkin so‘zlasha oladi, arab tilini esa boshlang‘ich darajada biladi. Avval Yaponiya Markaziy bankida va Birlashgan Millatlar Tashkilotida faoliyat yuritgan. 2023 yil aprel oyida u Tiba prefekturasining 5-okrugidan Yaponiyaning Vakillar palatasiga qo‘shimcha saylovlarda deputat etib saylangan. Eri Arfiya birinchi marta 2024 yilning 13 noyabr kuni Tashqi ishlar vazirining parlament o‘rinbosari parlament o‘rinbosari etib tayinlangan, joriy yilning oktyabr oyida esa yangi hukumat tarkibida lavozimiga qayta tasdiqlangan.

Shu kunlarda Tokioda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror taraqqiyot, o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash hamda inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi. Sammit yakunlari bo‘yicha Tokio deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Sammit dastlab 2024 yil avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo Yaponiyada Tinch okeani sohilida mega zilzila xavfi yuzaga kelishi munosabati bilan favqulodda tayyorgarliklar sabab bekor qilingan edi.

Yaponiya ushbu sammit orqali Markaziy Osiyo bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, savdo va investitsiya imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Yapon rasmiylari ushbu tadbirni global davlatlarning mintaqaga ta’sirini muvozanatlash imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kecha, 17 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Yaponiyaga yetib borgandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa bugun, 18 dekabr kuni Yaponiyaga jo‘nab ketdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Qirg'iziston Yaponiya Imomali Rahmon Sadir Japarov Markaziy Osiyo – Yaponiya Sanae Takaichi Eri Arfiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing