Japarov Afg‘onistonning “muzlatilgan” aktivlarini “Tolibon”ga qaytarishga chaqirdi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov xalqaro hamjamiyat “Tolibon”ni tan olishi kerak deb hisoblaydi. Bu haqda u Turkiyaning TRT AVAZ telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi

“Xalqaro tadbirlarda jahon hamjamiyatining e’tiborini Afg‘onistonga qaratishga harakat qilamiz. O‘zingizga ma’lumki, afg‘on xalqi uzoq yillar davomida urush va uning oqibatlaridan aziyat chekib, qiyinchiliklarni boshidan kechirmoqda. Afg‘oniston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaramiz bo‘lmasa-da, u qo‘shni davlatlarimizga chegaradosh. Shu bois u yerdagi vaziyatning yomonlashishi bizni ma’lum darajada xavotirga solmoqda. O‘zingiz bilasiz, 2021 yilda Afg‘onistonda “Tolibon” harakati yetakchilari hokimiyat tepasiga kelgan. Ular bugungi kungacha mamlakatni boshqarishda davom etmoqda. Biz istaymizmi yoki yo‘qmi, fakt o‘zgarishsiz qolmoqda – mamlakatni “Tolibon” boshqaryapti. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Bir qator davlatlar, jumladan biz ham “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardik”, deydi Japarov.

Uning aytishicha, Afg‘onistonni butun dunyodan ajratib qo‘yish muammoni hal eta olmaydi. Aksincha, mavjud vaziyat qanchalik uzoq davom etsa, afg‘on xalqi shunchalik og‘ir kunlarni boshdan kechiradi.

Ma’lumki, 2021 yil yozida “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganida Afg‘oniston Markaziy bankining xorijdagi 9,4 milliard dollar aktivlari G‘arb davlatlari tomonidan muzlatib qo‘yilgan edi. Shundan 7 milliard dollarga yaqini AQSHga to‘g‘ri keladi. Japarovga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyat va afg‘on xalqi farovonligini yaxshilash uchun bu mablag‘lar imkon qadar tezroq qaytarilishi kerak.

“Masalan, menimcha, bu mablag‘lar Afg‘onistonning hozirgi hukumatiga nafaqat infratuzilmani tiklash, balki mahalliy banklar orqali fuqarolarga arzon kreditlar ajratish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qashshoqlikda yashayotgan fuqarolar hayotini yaxshilash imkoniyatlarini yaratishda ham yordam berishi mumkin. Hozir Afg‘oniston aholisining aksariyati ocharchilik tahdidi ostida.

Shu sababli, fursatdan foydalanib, Yevropa davlatlari rahbarlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari rahbariyatini Afg‘onistonning amaldagi hukumatini tan olishga va afg‘on xalqining kelajagi yo‘lida “muzlatilgan” mablag‘larni qaytarishga chaqiraman”, deydi Qirg‘iziston rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Tolibon Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing