Japarov va Tashiyev o‘rtasidagi taxt kurashi: ular buni rad etyapti

Olam

image

So‘nggi vaqtlarda jamoatchilik orasida Qirg‘izistonning keyingi Prezidenti Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining amaldagi raisi Qamchibek Tashiyev bo‘lishi mumkinligi, u Japarov bilan siyosiy kurashga kirishgani haqida tarqalgan gaplar kun sayin yangidan yangi mish-mishlarga ulanmoqda. Ayni dedi-dedilar fonida Prezident Sadir Japarov va MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev birga ko‘rinish berdi. Ular bugun, 21 dekabr kuni MXDQning Norin viloyati boshqarmasi binosining ochilish marosimida birga ishtirok etdi. 

Marosimda so‘zga chiqqan Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Norin viloyati boshqarmasining 1988 yilda qurilgan binosi 35 yildan buyon biror marta ham ta’mirlanmaganini urg‘ulab, u Tashiyevning tashabbusi va keltirgan homiylik mablag‘lari bilan yangilanganini aytdi. 

MXDQ hududiy binolarining ochilish marosimida an’anaga ko‘ra qo‘mita raisi Qamchibek Tashiyev ko‘chat o‘tqazar edi. Bu safar archa ko‘chatini Prezident Japarovning o‘zi ekdi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Japarov va Tashiyev o‘rtasidagi taxt kurashi haqida gaplar tinayotgani yo‘q. 

16 dekabr kuni Sadir Japarov bu masalaga to‘xtalib, Xalq qurultoyida Japarov-Tashiyev o‘rtasida bo‘linish yuzaga kelishidan manfaatdor kuchlar borligini aytgandi. 

Uning bildirishicha, shunday mish-mishlarni tarqatish va ikki do‘stni janjallashtirish orqali hukumatni ag‘darish osonroq bo‘ladi, deb hisoblaydiganlar bor. 

“Ular muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Qamchibek Tashiyev bilan mening oramizda bo‘linish bo‘lmaydi”, degan davlat rahbari. 

U qo‘lida taniqli shaxs o‘z atrofidagilar va hatto oila a’zolaridan “Qamchibek Tashiyev hokimiyatni o‘z qo‘liga olmoqchi”, degan mish-mishni tarqatishni so‘ragani aks etgan video borligini aytgan. Japarov bu videoni tarqatishi mumkinligi, ammo oqsoqolga achinib, uni kamsitishni istamasligini qo‘shimcha qilgan.  

“Lekin bu Qamchibek Tashiyev va menga tahdid solmaydi. Biz hech qachon bunday kuchlarning oramizga nifoq solishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deya xulosa qilgan Prezident.

MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev esa bir necha kun avval Japarovning aytganlariga munosabat bildirib, Prezident kursisiga ko‘z tikmayotganini ochiq aytdi. 

“Birinchidan, davlat rahbari to‘g‘ri aytdi: ikki do‘st o‘z martabasi uchun janjallashmaydi. Ikkinchidan, biz uchun eng muhimi qirg‘iz xalqining kelajagi tinch va farovon bo‘lishidir. Uchinchidan, prezidentimiz avvalgi Konstitutsiya bo‘yicha olti yilga saylangan, hozirgisi bo‘yicha esa yana besh yil muddatga saylanishi mumkin, shuning uchun men Sadir Nurg‘o‘jo‘yevichni qo‘llab-quvvatlayman va qirg‘iz xalqiga birgalikda xizmat qilishimizga umid qilaman. Sakkiz yildan so‘ng qirg‘izlar orasida do‘stim Sadirga o‘xshab o‘z xalqi uchun kuyadigan odam paydo bo‘lishiga umid qilaman”, deb yozgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida Yevroosiyo tahliliy klubi rahbari, xalqaro siyosatshunos Nikita Mendkovich o‘zining Telegram-kanalida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonning navbatdagi prezidenti bo‘lishi mumkinligi haqida yozib chiqqandi. Uning prognoziga ko‘ra, yo Tashiyev Japarovning amalda davomchisiga aylanadi yoki Japarov Tashiyevdan “muvozanatga soluvchi” yangi siyosiy tayanch yaratadi.


Maqola muallifi

Teglar

Sadir Japarov Qamchibek Tashiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing