Japarov o‘z vakolatlarini sezilarli kengaytirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘z vakolatlarini sezilarli darajada kengaytiruvchi “Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi konstitutsion qonunga imzo chekdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.  

Hujjatga ko‘ra, Japarov o‘z tashabbusi bilan Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasi a’zolarini iste’foga chiqarishi mumkin bo‘ldi. Bundan tashqari, qonunda hukumat a’zosining lavozimidan ozod qilinishi mumkin bo‘lgan asoslar ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qonunda Vazirlar Mahkamasi a’zolari uchun bazi cheklovlar o‘rnatilgan. Xususan, ular saylovoldi kampaniyasi davrida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullana olmaydi va ma’muriy resurslardan foydalana olmaydi.

Yangi qonun boshqaruvning prezidentlik shakliga o‘tishini va Respublikada hokimiyat tizimini tashkil etish bilan bog‘liq boshqa bir qator o‘zgarishlarni, shu jumladan parlament a’zolari sonini hozirgi 120 kishidan 90 kishigacha kamaytirishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, Japarov o‘zining yangi vakolatidan foydalanishga ulgurdi. Bugun Prezident Qirg‘izistonning Ulukbek Maripov boshliq hukumatini iste’foga chiqardi.

Ma’lumot uchun, Japarov Qirg‘izistonda ilgari mavjud bo‘lgan parlament-prezident boshqaruv shakli tartibsizliklarning asosiy sababchisiga aylangani va o‘tgan yilning oktyabr oyida Respublikada hokimiyat almashishiga olib kelganini aytgandi. 

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi. 

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi. 

O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.  

Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi. 

Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Japarov

Baholaganlar

94

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing