Japarov Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi bitimni ratifikatsiya qildi
Olam
−
18 iyul 6109 2 daqiqa
Qirg‘izistonda Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi uch davlat chegarasining tutash nuqtasiga oid bitimni ratifikatsiya qilindi. Bu haqdagi qonunni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov imzoladi.
Mazkur qonun joriy yilning 25 iyun kuni Qirg‘iziston Respublikasi parlamenti Jogorku Kenesh tomonidan qabul qilingan.
Ratifikatsiyaning asosiy maqsadi – Qirg‘izistonning “Xalqaro shartnomalar to‘g‘risida”gi hamda “Jogorku Kenesh Reglamenti to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq tarzda ichki davlat protseduralarini amalga oshirishdan iborat.
Bitimda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi uch tomonlama chegara tutash nuqtasining aniq belgilanishi nazarda tutilgan. Bu hujjat uzoq yillar davom etgan muzokaralarning natijasi bo‘lib, mintaqadagi chegara masalalari bo‘yicha o‘zaro huquqiy asosni mustahkamlash va kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni oldini olishga qaratilgan.
Shuningdek, bu bitim orqali Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yana bir muhim qadam tashlandi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 31 mart kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xo‘janddagi uchrashuvda davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolagandi. Chegaralar tutashgan joy Farg‘ona vodiysida joylashgan bo‘lib, So‘g‘d (Tojikiston), Farg‘ona (O‘zbekiston) va Botken viloyatlarini (Qirg‘iziston) bog‘laydi.
Live
Barchasi