Japarov qirg‘iz-o‘zbek orasini “Ozodlik” buzolmasligini aytdi
Olam
−
26 Sentabr 2023
25046Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Ozodlik” radiosining qirg‘iz xizmati tomonidan tarqatilgan xabarlarga munosabat bildirdi. Bu haqda u “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Gap shundaki, oldinroq “Ozodlik” radiosi Xitoyning “Sinomash” xoldingi Kampirobod suv omboridan Farg‘onaga toza ichimlik suvi chiqarish loyihasini amalga oshirishni ko‘zlayotganini xabar qilgan. Aytilishicha, dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, kompaniya viloyatda ijtimoiy muassasalarni qurishi va rekonstruksiya qilishi rejalashtirilgan.
Sadir Japarov esa jurnalistlar “Kampirobod ilgari Qirg‘izistonga qarashli bo‘lgan”, deya xabarda odamlarni chalg‘itishga uringanini aytgan.
“Ularni tuzatib bo‘lmaydi. Menimcha, boshliqlari ularga kuchli ko‘rsatmalar beryapti. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lishidan ularga qanday foyda borligini bilmayman. "Ozodlik"ning xudbin niyatlari yaqqol ko‘rinib turibdi, ular qirg‘iz va o‘zbeklarni qoralash maqsadini ko‘zlagan”, degan Prezident.
Qirg‘iziston rahbari O‘zbekiston anchadan beri Kampirobodni 100 foiz nazorat qilib kelayotganini alohida ta’kidlagan.
“O‘tgan yili chegara va suv ombori masalasini bir vaqtning o‘zida hal qildik. Kelishuvga ko‘ra, hozirda tomonlar 50/50 resursni boshqaradi. Biz, qirg‘iz tomoni suvning 10 foizga yaqinidan foydalanamiz. Qolganlari esa 100 yildan beri O‘zbekistonga oqib ketadi. Yana 100 yil shunday bo‘ladi. Nega biz umumiy boshqaruvga keldik? Bu biz uchun katta yutuq. Birinchidan, biz suv sathining 900-gorizontdan oshmasligini nazorat qilamiz. Yerlarimiz suv ostida qolmasligi kerak. Ikkinchidan, sug‘orish davrida to‘g‘onimiz ostida joylashgan qishloqlar uchun yetarli miqdorda suv olishimiz kerak”, deydi u.
Sadir Japarovning ta’kidlashicha, Kampirobod Qirg‘iziston Respublikasidagi 3 ming 101 xonadonni suv bilan ta’minlaydi. Qolgan suv esa O‘zbekistonga ketadi.
“Ariq, quvur, havo orqali – suvning O‘zbekiston Respublikasiga borishining qanday farqi bor? Biz har bir harakatni tomonlarning kelishuviga binoan amalga oshiramiz. Kelgusida qirg‘iz-o‘zbek do‘stligi mustahkam bo‘ladi. Uni Xudodan boshqa hech kim buzolmaydi. Shunday ekan, Alloh taolodan tinchlik so‘rashimiz kerak. "Ozodlik" kabi ommaviy axborot vositalarining provokatsiyalariga berilmasligimiz kerak”, deya xulosa qilgan Japarov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yilning 30 noyabr kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda ikki davlat o‘rtasida muammo bo‘lib kelgan Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarni imzolagandi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq O‘zbekiston o‘z hududiga Andijon (Kampirobod) suv omborining 4957 gektarini hamda to‘g‘onni saqlash va muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektarni oladi. Qirg‘iziston kompensatsiya sifatida 1019 gektar yaylovga egalik qiladi.
LiveBarchasi