Japarov Kemeronni qabul qildi. Ular nimalarni gaplashdi?
Olam
−
23 aprel
6465Kecha, 22 aprel kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyo bo‘ylab safari doirasida Bishkekka rasmiy tashrif bilan kelgan Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeronni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sadir Japarov Kemeronni qutlar ekan, Buyuk Britaniyaning Qirg‘izistonning g‘arbiy yo‘nalishdagi tashqi siyosatidagi muhim rolini qayd etdi. Prezident ma’muriyatining ma’lum qilishicha, tomonlar o‘rtasidagi suhbat Qirg‘iziston-Britaniya ikki tomonlama hamkorligi, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika va transport sohalaridagi hamkorlik istiqbollari haqida bo‘lgan.
“Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim va mavsumiy mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Sadir Japarov va Devid Kemeron mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb mavzularni e’tiborsiz qoldirmadi”, deyiladi xabarda.
Suhbat so‘nggida Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri samimiy qabul uchun Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. Devid Kemeron Qirg‘iziston va Buyuk Britaniya o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, uning ulkan salohiyatini qayd etdi.
Sadir Japarov uchrashuvni yakunlar ekan, Devid Kemeronning Qirg‘izistonga rasmiy tashrifi ko‘p qirrali Qirg‘iziston-Britaniya hamkorligiga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.
Devid Kemeron Bishkekda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Qulubayev bilan kengaytirilgan tarkibda muzokaralar ham o‘tkazdi.
Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv Jeenbek Kuluboyev Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirini mamlakatga ilk rasmiy tashrifi munosabati bilan qutlash bilan boshlangan. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqotning ijobiy dinamikasi kelajakda ham davom etishiga umid bildirdi.
Jeenbek Kuluboyev Devid Kemeronga hamkorlikning potensial sohalari haqida gapirib berdi. Bu ilg‘or texnologiyalar, yashil energiyadan foydalangan holda noyob tuproq metallarini birgalikda o‘zlashtirish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo salohiyatini oshirish va Qirg‘iziston iqtisodiyotiga Britaniya sarmoyasini kiritishdir.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 aprel kuni Devid Kemeron Tojikistonga borgan va u yerda Prezident Imomali Rahmon qabulida bo‘lgandi. Kemeron O‘zbekistonga ham kelishi kutilmoqda.
LiveBarchasi