Japarov Bishkekdagi to‘polonga izoh berdi

Olam

image

Qirg‘izistondagi vaziyatni beqarorlashtirishdan manfaatdor kuchlar Bishkek aholisi va xorijlik talabalar o‘rtasidagi mojarodan foydalangan. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov poytaxtda yuz bergan tartibsizliklarni izohlayotganida so‘z ochdi.

“Agar huquq-tartibot idoralari o‘z vaqtida chora ko‘rib, harakatlarini jamoatchilikka oshkor qilganida, bu sodir bo‘lmasligi mumkin edi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan 13 may kuni sodir bo‘lgan hodisa aybdorlari qo‘lga olinib, tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Ammo, afsuski, vaziyatni keskinlashtirishdan manfaatdor bo‘lgan boshqa kuchlar bundan unumli foydalanishga muvaffaq bo‘ldi", deydi Japarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, internetda 13 may kuni Bishkekdagi yotoqxonalardan birida xorijliklar va mahalliy aholi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mushtlashuv videosi e’lon qilingani voqeaning avj olishiga sabab bo‘ldi.

“Bo‘layotgan voqealarning mohiyatini tushunmay, provokatsiyalarga berilib ketgan guruhlarning harakatlari oqibatida xalqimiz va davlatimizning aksariyat qismi hujumga uchradi. Ular orasida yomon niyat bilan qurol ko‘tarib, tartibsizliklar keltirib chiqarmoqchi bo‘lganlar ham borligi haqida tezkor ma’lumotga ega bo‘ldik”, deydi Japarov.

Prezidentning aytishicha, mamlakat hukumati tartibsizliklar paytida vaziyatni nazorat ostida ushlab turgan va agar shaharda talon-toroj qilish, politsiyaga yoki yotoqxonadagi talabalarga hujumlar boshlansa, qat’iy choralar ko‘riladi.

“Albatta, boshida talabalar turarjoyiga hujum qilishga uringan bezorilar bo‘lgan, biz ularni o‘z vaqtida to‘xtata oldik”, deya qo‘shimcha qildi Qirg‘iziston rahbari.

Shu bilan birga, bunday hodisalar takrorlangan taqdirda xavfsizlik kuchlari “birinchi daqiqalardanoq kuch bilan tarqatib yuborish usullariga o‘tishlari” haqida ogohlantirmoqda.

Bishkekdagi to‘polon

18 mayga o‘tar kechasi Bishkekda mahalliy aholi bilan chet ellik talabalar o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan, shundan so‘ng 29 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Mojaroga 13 may kuni poytaxt tumanlaridan birida xorijlik talabalar va mahalliy aholi o‘rtasida sodir bo‘lgan mushtlashuv sabab bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Qirg‘iziston universitetlarida Hindiston, Pokiston va Bangladeshdan 40 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.

Bishkekdagi tartibsizliklardan so‘ng xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Xorijlik talabalar yashaydigan yotoqxonalar joylashgan ko‘chalarda transport harakati to‘sib qo‘yilgan. Huquq-tartibotni muhofaza qilishda 2,7 ming nafarga yaqin ichki ishlar xodimlari, shuningdek, 1 mingdan ortiq xalq ogohligi xodimlari jalb etilgan. Poytaxt ichki ishlar boshqarmasi shaharda vaziyat tinch va huquq-tartibot idoralari tomonidan to‘liq nazoratga olinganini aytmoqda.

To‘polon oqibatida to‘rt nafar xorij fuqarosi, shuningdek, tartibsizliklarni qo‘zg‘atishga aloqador bo‘lgan bir necha Qirg‘iziston fuqarosi qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan respublika huquq-tartibot idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining (“Bezorilik”) moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Bishkekdagi vaziyat to‘liq hokimiyat nazorati ostida ekanligi va shaharda xorijlik talabalarning pogromlari sodir etilmasligiga ishontirib, xorijiy OAV va blogerlarni yolg‘on yoki provokatsion ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev miting ishtirokchilarining talablarini qo‘llab-quvvatlab, respublika qonunchiligini buzayotgan xorijliklarga nisbatan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan kerakli ishlar olib borilayotgani, asosan Pokiston va Bangladesh fuqarolari huquqbuzarlik sodir etayotganini aytgandi. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ham Bishkekda xorijlik fuqarolar bilan sodir bo‘lgan voqeadan xavotir bildirib, Pokistonning Qirg‘izistondagi elchisiga barcha zarur yordamni ko‘rsatishni buyurgani, uning idoram ham elchixona bilan aloqada va vaziyatni doimiy ravishda kuzatib borayotganini ma’lum qildi. Qirg‘izistonning Islomoboddagi elchixonasi yonida ko‘p sonli odamlar Bishkekda pokistonlik talabalarga uyushtirilgan hujumga qarshi norozilik bildirish uchun yig‘ildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing