Janubiy Koreyada Prezident ma’muriyati iste’foga chiqdi
Olam
−
04 dekabr
6256Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol ma’muriyati rahbariyati harbiy holatning kiritilishi va bekor qilinishi bilan bog‘liq vaziyat fonida bir vaqtning o‘zida iste’foga chiqdi. Bu haqda “Yonhap” axborot agentligi xabar berdi.
“Bo‘lim boshliqlari va katta kotiblar bir vaqtning o‘zida iste’foga chiqdi”, deya yozgan agentlik.
Tegishli qaror bugun, 4 dekabr kuni Prezident ma’muriyati rahbari Chung Jin Suk raisligida bo‘lib o‘tgan boshqaruv guruhi yig‘ilishida qabul qilingan.
Iste’foga chiqqanlar orasida Prezident ma’muriyati rahbari Chung Jin Suk, Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Sin Vonsik va Siyosat bo‘yicha shtab boshlig‘i Son Tae-Yun, shuningdek, yana yetti nafar katta yordamchi bor. Janubiy Koreyaning muxolif “Toburo” demokratik partiyasi mamlakat Prezidenti Yun Sok Yoldan harbiy holat e’lon qilgani uchun iste’foga chiqishni talab qilgandi. Partiya bayonotida harbiy holat e’lon qilinishi mamlakat Konstitutsiyasining buzilishi sifatida baholangandi. Prezident esa harbiy holat e’lon qilish uchun zarur bo‘lgan hech qanday talablarni bajarmagan.
Konstitutsiyaga ko‘ra, parlament ko‘pchilik ovoz bilan unga qarshi ovoz berganidan keyin prezident harbiy holatni darhol bekor qilishi shart. Biroq, prezident bir necha soatdan keyin tegishli murojaat qildi. Yun Sok Yolning aytishicha, parlament qaroridan so‘ng u darhol hukumat yig‘ilishini chaqirishga buyruq bergan, biroq kvorum yo‘qligi sababli qaror qabul qilinmagan. Biroz vaqt o‘tgach, yig‘ilish e’lon qilindi, unda bekor qilish qarori rasmiylashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 dekabr kuni Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U bu qarorini iyun oyida yangi hukumat ish boshlaganidan beri parlament tomonidan 22 nafar hukumat rasmiysi ustidan impichment jarayonini boshlashga urinishlar bilan izohlagan.
Shundan so‘ng Prezident tomonidan harbiy holatni boshqarishga tayinlangan general Pak An Su parlament va siyosiy partiyalar faoliyatini to‘xtatish hamda mamlakatdagi barcha OAVni nazorat qilishni e’lon qildi. Biroq parlament harbiy holat e’lon qilinganidan taxminan 150 daqiqa o‘tib uni bekor qilish uchun ovoz berdi.
Harbiylar Milliy Assambleya binosini to‘sib qo‘ydi, uning atrofida to‘qnashuvlar yuz berdi. Hukmron partiya yetakchisi Xan Don Xun Prezidentning harbiy holat e’lon qilish haqidagi buyrug‘ini bajarishga uringan harbiylarning harakatlarini noqonuniy deb atadi.
Taxminan olti soat o‘tib, Yun Sok Yol Milliy Assambleya iltimosiga binoan harbiy holatni bekor qilishini e’lon qildi. Shu bilan birga u “qayta-qayta impichment jarayonlari, qonunchilik va byudjet faoliyatini to‘xtatishni” talab qildi. Deputatlar esa harbiy holatni bekor qilish uchun qayta ovoz berdi va harbiylar o‘z xizmat joylariga qaytdi.
Xan Don Xun Prezident Yun Sok Yolni vaziyatni tushuntirishga va mas’ul shaxslarni, xususan, Mudofaa vazirini iste’foga chiqarishga chaqirdi. Demokratik partiya a’zosi Pak Chan De harbiy holat e’lon qilinishini “muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishi” deb atadi va Yun o‘z vazifalaridan chetlashtirilib, fuqaro va harbiy isyon uchun amaldagi jinoyatchi sifatida hibsga olinishi zarurligini bildirdi.
LiveBarchasi