Janubiy Koreyada grippga qarshi emlangan 17 kishi vafot etdi. Emlash ishlari esa to‘xtatilmaydi

Olam

image
Janubiy Koreyada grippga qarshi emlangan 17 kishi vafot etgan. Shunga qaramay, aholini ushbu kasallikka qarshi emlash ishlari davom ettiriladi. Bu haqda "Ryonxap" agentligi xabar bermoqda.
 
Agentlikka ko‘ra, Janubiy Koreya Hukumati 19 million kishini grippga qarshi bepul emlash dasturini amalga oshirmoqda. Emlanayotganlar orasida yoshlar ham, keksalar ham bor. 
 
"O‘layotganlar to‘g‘risida yangi xabarlar paydo bo‘lmoqda. Lekin mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu o‘limlar va emlash o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud emas", degan Janubiy Koreya Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish agentligi rahbari Chon In Gyon. 
 
Uning ta’kidlashicha, rasmiylar ushbu o‘limlarning sabablarini batafsil tekshirmoqda. Shu bilan birga, u marhumlarga qilingan vaksinalarning jiddiy ta’siri bo‘lmaganini aytgan. 
 
Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi vafot etgan yigit 17 yoshda bo‘lgan. U emlanganidan ikki kun o‘tgach, Inchxonda vafot etgan. 
 
Keyin vafot etganlarning aksariyati esa, ma’lum kasallik bilan og‘rigan keksa odamlar ekani aytilmoqda. 
 
Avvalroq, Braziliyada Oksford universiteti va AstraZeneca kompaniyasi tomonidan tayyorlangan koronavirusga qarshi vaksina sinovida ishtirok etayotgan ko‘ngilli vafot etgandi.
 
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreyada koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq 25 ming 543 ta holat aniqlangan. Yuqtirganlarning 453 nafari vafot etgan. 23 ming 647 nafari sog‘ayib ketgan.
 
Dunyoda koronavirusga chalinganlar 41 milliondan oshgan. 28 milliondan ko‘p bemor sog‘ayib ketgan. 1,13 milliondan ortiq kishi virus qurboni bo‘lgan.

Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya

Baholaganlar

169

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing