Janubiy Koreyada dindorlarga bosim o‘tkazilayotgani aytildi

Olam

image

Xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar Janubiy Koreyada vijdon va e’tiqod erkinligi hamda fikr bildirish erkinligi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotir bildirdi. Bu haqda Human Rights Without Frontiers (HRWF) tashkiloti materiallarida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, bu masalaga bag‘ishlangan matbuot anjumani Seulda HRWF, CAP Liberté de Conscience, Din erkinligi bo‘yicha Yevropa forumi (FOREF), Yangi dinlarni o‘rganish markazi (CESNUR) va Bitter Winter nashri vakillari ishtirokida o‘tkazilgan.

Anjuman ishtirokchilari sudga qadar qamoqda saqlanayotgan diniy yetakchilarga nisbatan munosabatdan xavotir bildirgan. Xususan, ular Janubiy Koreya hukumatini Sinchxondji cherkovi raisi 95 yoshli Li Man Xi va Butunjahon oilaviy tinchlik va birlashish federatsiyasi vakili 83 yoshli Xakchi Xan Munni sudga qadar qamoqda saqlash masalasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

Huquq himoyachilarining fikricha, diniy ozchiliklarga nisbatan qo‘llanilayotgan huquqiy va ma’muriy choralar xolis, mutanosib bo‘lishi hamda Janubiy Koreyaning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga mos kelishi kerak. Konferensiyada Pusandagi Segero cherkovi bilan bog‘liq vaziyat, vijdon sababli harbiy xizmatdan bosh tortish, Teguda masjid qurilishiga qarshi namoyishlar va ta’lim muassasalarida diniy huquqlarni ta’minlash masalalari ham muhokama qilingan.

Shuningdek, Janubiy Koreyada avval e’tiqodi sababli harbiy xizmatdan bosh tortgani uchun jinoiy ta’qibga uchragan Iegova shohidlarining ahvoliga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Tashkilotlar vakillari gap muayyan diniy guruhni himoya qilish haqida emas, balki barcha uchun asosiy huquq va erkinliklarga rioya etilishini ta’minlash haqida ketayotganini ta’kidlagan.

Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilar Janubiy Koreya hukumatiga Li Man Xini sudga qadar qamoqdan ozod qilishga chaqiruvchi maktubni imzolagan.

Ma’lumot uchun, Sinchxondji cherkovining 95 yoshli rahbari Li Man Xi iyun oyida o‘n minglab izdoshlarini siyosiy partiyaga kirishga majburlaganlikda ayblanib hibsga olingan edi. Li Man Xi va uning cherkovi ayblovlarni rad etib, tergov bilan hamkorlik qilayotganini va keksa rahbarni qamoqda saqlash nomutanosib chora ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonning Panjakent shahrida mahalliy hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar milliy an’analarga mos kelmaydi deb baholangan kiyimlarga qarshi reydlar o‘tkazgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing