Janubiy Koreya sudi mamlakat tarixida ilk marta prezidentni hibsga olishga order berdi
Olam
−
31 dekabr 2024
5045Janubiy Koreya sudi tergovchilarning iltimosini qanoatlantirdi va mamlakatning hokimiyatdan chetlatilgan prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olishga order berdi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Bu mamlakat tarixida birinchi marta vaqtinchalik lavozimidan chetlashtirilgan, lekin rasmiy ravishda vazifasini bajaruvchi davlat rahbariga nisbatan bunday order berilishidir. Ilgari Yun Sok Yol fitnaga urinish ishi bo‘yicha uch marta so‘roqqa kelmagan.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Seul G‘arbiy okrug sudi Yun Sok Yolni uchta aybda hibsga olishga order bergan – mansab vakolatini suiiste’mol qilish, konstitutsiyaga zid ravishda harbiy holat joriy etishga urinish va g‘alayonga urinish. Shuningdek, sud huquq-tartibot idoralari xodimlari prezident qarorgohida tintuv o‘tkazishga ruxsat berdi.
Ma’lumot uchun, 29 dekabr kuni Yun Sok Yol uchinchi bor yuqori martabali mansabdor shaxslarning Korrupsiyaga qarshi tergov boshqarmasida davlat to‘ntarishi bo‘yicha chaqiruvga javob bermadi. Huquqiy amaliyotga ko‘ra, uchinchi chaqiruv oxirgisi hisoblanadi va uning ortidan hibsga olish uchun sudga murojaat qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 dekabr kuni kechqurun Yun Sok Yol harbiy holat e’lon qilgan edi. Ammo bu holat taxminan olti soatdan keyin bekor qilindi. Shundan so‘ng, joriy yilning 14 dekabr kuni Yun Sok Yolga nisbatan impichment e’lon qilindi. Oqibatda uning vakolatlari to‘xtatildi. Endi Konstitutsiyaviy sud deputatlarning qarorini tasdiqlashi yoki prezidentni lavozimiga qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilishi lozim.
Birlashgan tergov guruhi 14 dekabr kuni parlamentda impichment e’lon qilinganidan keyin vakolatlari to‘xtatilgan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olishga order berish uchun Seul sudiga murojaat qildi. Qo‘shma tergov guruhi tarkibida Yun Sok Yol bilan bog‘liq ishni o‘rganayotgan boshqarma, politsiya va Mudofaa vazirligi vakillari bor. Janubiy Koreya qonunchiligi amaldagi prezidentni fitna yoki davlatga xiyonat uchun jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat beradi.
LiveBarchasi