Koreyada rekord miqdordagi meros solig‘i to‘landi
Olam
−
04 may 4430 2 daqiqa
Janubiy Koreyaning eng yirik korporativ guruhi Samsung ortida turgan Li oilasi mamlakat tarixidagi eng katta meros solig‘i to‘lovini yakunladi. Jami summa 12 trillion vonni (taxminan 8 milliard dollar yoki 6 milliard funt sterling) tashkil etgan. Bu haqda BBC xabar qildi.
To‘lov marhum Samsung raisi Li Kyun-hi vafotidan keyin qolgan meros bilan bog‘liq. U 2020 yil oktyabrda vafot etgan bo‘lib, ortida 26 trillion vonlik (taxminan 17–18 milliard dollar) boylik va aksiyalar, ko‘chmas mulk va san’at asarlari kolleksiyasini qoldirgan. Soliqni Samsung raisi Li Jaye-yong, uning onasi Hong Ra-hi hamda opa-singillari Li Bu-jin va Li Seo-hyun birgalikda so‘nggi besh yil davomida olti bosqichda to‘lab tugatgan. Oila vakillari avvalroq soliq to‘lash fuqarolarning tabiiy burchi ekanini ta’kidlagan. Yakuniy to‘lov amalga oshirilgani bugun, 3 may kuni rasman tasdiqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 12 trillion vonlik bu summa Janubiy Koreyaning 2024 yildagi umumiy meros solig‘i tushumining taxminan 1,5 barobariga tengdir. Mamlakatda meros solig‘i stavkasi 50 foiz bo‘lib, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Bu katta to‘lov investorlar tomonidan ham diqqat bilan kuzatilgan, chunki u Li oilasining Samsung ustidan nazoratni saqlab qolish imkoniyatiga ta’sir qilishi mumkin edi. Merosning bir qismi bo‘lgan san’at kolleksiyalari Janubiy Koreya Milliy muzeyi va boshqa madaniy tashkilotlarga topshirilgan.
“Bloomberg Billionaires Index” ma’lumotlariga ko‘ra, Li oilasining umumiy boyligi 45 milliard dollardan oshadi. So‘nggi yilda esa sun’iy intellekt sohasidagi yarimo‘tkazgichlarga bo‘lgan talab oshib, Samsung aksiyalari qimmatlashgan va ularning boyligi sezilarli ko‘paygan.
Ma’lumot uchun, Samsung’ga 1938 yilda Li Kyun-hining bobosi Li Byung-chul tomonidan asos solingan bo‘lib, hozirgi kunda kompaniya yarimo‘tkazgichlar, smartfonlar, televizorlar va boshqa elektron mahsulotlar bozorida dunyo yetakchilaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Adani Group konglomerati asoschisi va raisi Gautam Adani Reliance Industries rahbari Mukesh Ambanini ortda qoldirib, Osiyoning eng boy odami unvonini qaytarib olgandi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi