“Sanjik” ishi: Alimbayevlar da’vosidan voz kechdi, yana bir da’vogar $300 000 undirmoqchi

Intervyu

Bugun, 1 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan bloger Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi yuzasidan navbatdagi ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Bu galgi sud majlisida, sud tergovi yakuniga yetgani sababli, raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev tomonlarga yakuniy muhokama uchun so‘z berdi.

So‘z avvalida, davlat ayblovchisi Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori o‘rinbosari Navruzbek Saparov suddan ayblanuvchiga nisbatan bir qator moddalar bo‘yicha jazo tayinlashni so‘radi. Jumladan, Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bo‘yicha BHMning 25 barobari miqdorida jarima, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi bo‘yicha BHMning 500 barobari miqdorida jarima hamda 273-modda (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bo‘yicha 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi talab qilindi.

Shuningdek, davlat ayblovchisi Sanjar Karimovning uyida o‘tkazilgan 2025 yil oktyabr oyidagi kechiktirib bo‘lmas tezkor tadbirda ayblanuvchining xonadonidan Karimovning shaxsiy buyumini “o‘ynab” olib chiqib ketgan IIB xodimiga nisbatan xususiy ajrim chiqarishini so‘radi.

Majlisda jabrlanuvchi Shahlo Alimbayeva uy-joyni qaytarib olgani bois, Sanjar Karimovga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini ma’lum qildi.

Shuningdek, ikkinchi jabrlanuvchi Feruza Rahmatullayevaga ham so‘z berildi. U o‘g‘li Shahzod Rismatov $220 ming dollar evaziga garovga qo‘ygan ikki dona BMW rusumli avtomobil bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash uchun Sanjar Karimovdan $300 ming dollar undirishni so‘radi.

So‘z Karimovning himoyachilariga berildi. Advokatlar tomonidan prokurorning ayblov xulosasiga e’tiroz bildirildi. Unga ko‘ra, davlat ayblovchisining vajlari sud tergovidan oldingi ayblovlar bilar bir xil. Sud majlislari davomida, guvohlar so‘roq qilinganda aksar aylovlar o‘z isbotini topmagan. 

Bundan tashqari, Sanjar Karimovning uyida o‘tkazilgan tintuv jarayonida boshqa aloqador bo‘lmagan xodimlar ham ishga aralashgani hamda yetarlicha xolislar ishtirokida tintuv ishlari amalga oshirilmagani tufayli ashyoviy dalillar va tintuv jarayoni nomaqbul deb topilishi iltimos qilindi. 

Shu bilan birga, sud tergovi davomida Sanjar Karimov Alimbayevlarga tegishli bo‘lgan uy-joy va garovdagi 2 ta avtomobil uchun Shahzod Rismatovga 220 ming AQSH dollari bergani aniqlangandi. Shuningdek, Karimov Alimbayevlarga ushbu uy-joyni hadya qilib qaytarib bergani bois Sanjar Karimovni ayblanuvchi emas, balki jabrlanuvchi deb e’tirof etilishi so‘raldi. Bundan tashqari, Rismatovning onasi va Karimov o‘rtasidagi audiosuhbat kontekstidan ma’lum joylarigina kesib olinib taqdim etilgani Karimov bu gaplarni o‘zaro suhbat davomida hissiyotga berilib aytgani va uzr so‘raganini sud inobatga olishi so‘raldi.

Tomonlarning uzoq muzokaralaridan so‘ng, raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev yakuniy qaror qabul qilishni joriy yilning 8 mayiga qadar qoldirdi. Bu safar ayblanuvchi Sanjar Karimovdan intervyu olishga ruxsat berilmadi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

sud Sanjar Karimov Mirzo Ulug'bek tuman sudi “Real Sanjik”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing