Janubiy Koreya sobiq mudofaa vaziri tergov izolyatorida o‘zini o‘ldirishga urindi
Olam
−
11 dekabr 2024
4934Janubiy Koreya sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyong o‘zi saqlanayotgan tergov izolyatorida joniga qasd qilishga urindi. Bu haqda “Yonhap” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, sobiq vazir o‘z joniga qasd qilishda ichki kiyimidan foydalangan. Muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng Kim himoya kamerasida saqlanmoqda.
“Hozirda uning sog‘lig‘i barqarorligicha qolmoqda”, deydi Axloq tuzatish markazi rahbari Shin Yong Xe parlament eshituvida.
Ma’lumot uchun, 65 yoshli sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyong 4 dekabrda iste’foga chiqqan, u Prezidentning Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etish qarorini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, aynan Kim bu qarorning tashabbuskori bo‘lgan.
Janubiy Koreyada harbiy holat
Joriy yilning 3 dekabr kuni kechqurun Prezident Yun Sok Yol kutilmagan tarzda Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etdi, ammo bir necha soat o‘tgach, kuchli siyosiy qarshilik sababli uni bekor qildi. Bu 1980 yillarning oxirida mamlakat demokratiyaga o‘tganidan beri Janubiy Koreyada birinchi marta harbiy holat joriy etilishi edi.
7 dekabrda parlamentda Prezidentga qarshi impichment jarayonini ishga tushirishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Ovoz berishdan oldin deyarli barcha hukmron partiya deputatlari yig‘ilishni boykot qilish uchun majlisni tark etdi. Natijada qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan kvorumga faqat 195 nafar parlament a’zosi ovoz berdi. Shuning uchun Yun Sok Yol hozircha davlat rahbari lavozimida qolmoqda.
Shu kuni kechqurun parlament binosi oldida taxminan 100 ming kishi to‘planib, Prezidentning iste’fosini talab qilib norozilik bildirgan. Oppozitsiya Yun Sok Yolni konstitutsiyani buzganlikda ayblamoqda.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar