Janubiy Koreyaning sobiq mudofaa vaziri hibsga olindi
Olam
−
08 dekabr
3899Janubiy Koreyaning Seul prokuraturasi sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyongni Prezident Yun Sok Yol qisqacha harbiy holat e’lon qilganidan keyin davlatga xiyonat qilganlikda ayblab, tergov davomida hibsga oldi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Kimning mobil telefoni tortib olingan va sobiq vazir Seul sharqidagi tergov izolyatoriga jo‘natilgan.
Janubiy Koreya qonunchiligida agar og‘ir jinoyat sodir etilgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘lsa yoki dalillarni yo‘q qilishga urinish bo‘lishi mumkinligidan xavotir bo‘lsa, gumonlanuvchilar ordersiz hibsga olinishi mumkinligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Yon Xyong harbiy holat joriy etish rejasi bilan jamoatchilik xavotirini yuzaga keltirgani uchun uzr so‘rashi va iste’foga chiqishi ortidan uning o‘rnini mamlakatning Saudiya Arabistonidagi elchisi Chxve Byon Xyok egallagandi. Sobiq armiya generali o‘z faoliyati davomida juda ko‘plab yuqori martabali lavozimlarda ish olib borgan.
Kecha, 7 dekabr kuni Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish bo‘yicha mamlakat parlamentida yetarli ovoz yig‘ilmagani bois jarayon bekor qilindi. Qayd etilishicha, Milliy assambleya spikeri Vu Von-shik Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish bo‘yicha ovoz berish boshlanganidan taxminan uch soat o‘tib, jarayonning tugaganini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, impichment harakati yetarlicha ovoz berilmagani sababli bekor qilingan. Hukmron “Xalq kuchi” partiyasining ko‘pchilik a’zolari ovoz bermaslikni tanlagan. Bu esa impichment jarayoni to‘xtashiga asosiy sabab bo‘lgan.