Janubiy Koreya Prezidenti AQSHdan Shimoliy Koreyaga sanksiyalarni yumshatishni so‘radi
Olam
−
08:40 997 2 daqiqa
Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon AQSHni Shimoliy Koreya yadroviy dasturlarini muzlatishi evaziga Pxenyanga nisbatan sanksiyalarni yumshatishga chaqirdi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
“Men sanksiyalar – ular unchalik samarali emas – evaziga qo‘shimcha yadroviy qurollar va qit’alararo ballistik raketalar texnologiyasini rivojlantirishni to‘xtatish o‘rtasida kelishuvga erishishda katta qiymat bor, deb hisoblayman”, degan Li nashrga bergan intervyusida.
Janubiy Koreya Prezidentining ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda denuklearizatsiyaga erishishga urinish hech qanday natija bermaydi. Uning fikricha, avval Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturini muzlatish bo‘yicha kelishuvga erishish, keyin esa o‘zaro rag‘bat va yon berishlar orqali ishonchni shakllantirish va oxir-oqibat Pxenyanni yadroviy arsenalini qisqartirishga ko‘ndirish mumkin.
Li hozirgi bosiq holat davom etishi juda xavfli ekanini aytgan. U Janubiy Koreya baholariga ko‘ra, Shimoliy Koreya har yili qo‘shimcha 10–20 ta yadroviy qurol ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yoki allaqachon shunday qurollar ishlab chiqarayotgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
“U yetarlicha yadroviy qurol va raketalar to‘plab, shu orqali o‘z xavfsizligini kafolatlaganiga ishonch hosil qilgach, pul ishlash uchun ularni eksport qilishga vasvasaga tushishi mumkin. Bu haqiqatan ham xavfli palla bo‘ladi”, degan Janubiy Koreya rahbari.
Janubiy Koreya rasmiylari Shimoliy Koreyaga nisbatan siyosatni o‘zgartirayotganini, “avval denuklearizatsiya” yondashuvi o‘rniga “avval tinchlik” tamoyiliga o‘tayotganini bildirgan. Li o‘tgan yili Pxenyan tizimini hurmat qilishini va Shimoliy Koreya bilan tinch-totuv yashashga intilishini ma’lum qilgan edi.
Biroq ikki Koreya o‘rtasidagi munosabatlar hamon keskinligicha qolmoqda. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pxenyanning Koreyalarni birlashtirish siyosatidan voz kechgan, Janubiy Koreyani “eng dushmanona davlat” deb atagan va chegaradagi mudofaa salohiyatini kuchaytirishga ko‘rsatma bergan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kim Chen In bilan yangi uchrashuv o‘tkazishga intilmoqda. Janubiy Koreya Prezidenti esa bunday muzokaralar o‘tkazilishini xohlashini bildirgan.
Qayd etilishicha, Li shu hafta BMT Bosh Assambleyasi doirasida Koreya yarimorolida tinchlik va tinch-totuv yashash bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya AQSHning mamlakatni yadroviy qurolsizlantirish haqidagi chaqiriqlarini rad etib, yadroviy qurollarini saqlab qolishi va yadroviy salohiyatini kuchaytirishda davom etishini ma’lum qilgandi.
Live
BarchasiPutin To‘qayev bilan ham telefonlashdi
21 sentabr
Qashqadaryoda 2300 yillik ossuariy topildi
21 sentabr