Shimoliy Koreya AQSHning yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha chaqirig‘ini rad etdi
Olam
−
13:08 524 2 daqiqa
Shimoliy Koreya AQSHning mamlakatni yadroviy qurolsizlantirish haqidagi chaqiriqlarini rad etib, yadroviy qurollarini saqlab qolishi va yadroviy salohiyatini kuchaytirishda davom etishini ma’lum qildi. Bu haqda “Korea JoongAng Daily“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi AQSHning mamlakatga nisbatan siyosati o‘zgarmaganini ta’kidlagan. Pxenyan Vashingtonning “to‘liq yadroviy qurolsizlantirish” talabi, inson huquqlari bo‘yicha tanqidlari, shuningdek, AQSHning Janubiy Koreya va Yaponiya bilan harbiy hamkorligini dushmanona siyosatning dalili sifatida ko‘rsatgan.
“Bizing AQSHga nisbatan siyosatimizda hech qanday o‘zgarish yo‘q. Uning o‘zgarmas dushmanona siyosatiga oxirigacha eng qat’iy pozitsiya bilan javob beramiz”, degan Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi vakili.
Pxenyan yadroviy qurollaridan voz kechmasligini bildirib, ularni mamlakat suverenitetini himoya qilishning “mutlaq kafolati” deb atagan.
“Shimoliy Koreya tasarrufidagi yadroviy qurollarni saqlash va ularni muntazam ravishda kuchaytirish mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning eng mas’uliyatli va to‘g‘ri yo‘lidir”, deyiladi bayonotda.
Shimoliy Koreya, shuningdek, AQSHning inson huquqlari masalasini ko‘tarayotganini ham qoralagan. Pxenyan buni mamlakat obro‘siga putur yetkazish va ichki beqarorlikni keltirib chiqarishga qaratilgan “o‘ta qabih va dushmanona urinish” deb baholagan.
Bu bayonot AQSH Prezidenti Donald Trampning Vashington va Seul o‘rtasidagi Ulchi Freedom Shield harbiy mashg‘ulotlarini sezilarli darajada qisqartirishni buyurgani haqidagi xabarlar fonida yangragan. Tramp avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan “juda yaxshi munosabatlari” borligini aytgan va AQSH – Janubiy Koreya harbiy mashg‘ulotlari Pxenyanga keraksiz dushmanona signal yuborishini bildirgan edi.
Shunga qaramay, Pxenyan AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya ishtirokida joriy yilning 7–11 sentyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan Freedom Edge ko‘p yo‘nalishli qo‘shma harbiy mashg‘ulotlariga ham qarshi chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreya 2023 yilning sentyabrida o‘z konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritib, mamlakatning “doimiy yadroviy davlat” maqomini mustahkamlagan va yadrosizlanish imkoniyatini rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya NATO sammitini qoralab, yadrosizlanish AQSH ittifoqchilaridan boshlanishi kerakligini bildirgan edi.
Live
Barchasi