Janubiy Afrikada pingvin vertolyot halokatiga sabab bo‘ldi
Olam
−
10 aprel
6076Janubiy Afrika Respublikasida pingvin ishtirokida aviahalokat sodir bo‘ldi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Robinson R44 Raven II turidagi vertolyot Qushlar orolidan Sharqiy Kap provinsiyasiga pingvinni olib ketayotgan paytda halokatga uchragan. Hodisa oldinroq sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, rasmiy hisobot e’lon qilingach, tafsilotlar ayon bo‘lgan.
Qayd etilishicha, tadqiqot ishlari tugagach, olim pingvinni aeroportga yetkazib qo‘yishni so‘ragan. Qush oddiy karton qutida saqlangan va yo‘lovchi uni tizzasida tutib turgan. Biroq vertolyot havoga ko‘tarilayotganda, quti sirpanib ketib, boshqaruv tugmasiga urilib ketgan. Shu tufayli vertolyotda kuchli og‘ish yuz berib, parraklar yerga tekkan va halokat sodir bo‘lgan.
Hodisa oqibatida uchuvchi va tadqiqotchi omon qolgan, hech kim jarohat olmagan. Pingvin ham sog‘ qolgan. Vertolyot esa jiddiy shikastlangan.
Janubiy Afrika fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasining ma’lum qilishicha, parvoz oldidan xavf tahlili o‘tkazilgan, ammo pingvinni xavfsiz eltish masalasi yetarlicha ta’minlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada tez yordam vertolyoti dengizga qulab tushishi oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan edi. Yaponiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, havo kemasi bir kun oldin tushdan keyin dispetcherlar bilan aloqani yo‘qotgan. O‘shanda vertolyot Susima aeroportidan Fukuoka prefekturasidagi shifoxona tomon yo‘l olgan bo‘lgan.
LiveBarchasi